Aspirin keksalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi
Aspirin har qanday kasalga davo deb qaraladigan dori. Uni bosh og‘riganda, shamollaganda, shuningdek, uzoq vaqt davomida qonni suyultirish uchun ham ishlatiladi. Aspirin asosan salitsil kislotadan tarkib topgan. Bu kislota esa qon ketish xavfini oshiradi. Yaqin paytgacha ham uning xavfi yuqori emas, aksincha qon ivishi oqibatida insult sodir bo‘lishi ehtimolini ikki barobar kamaytiradi, deb hisoblanardi.
Lekin yangi tadqiqot uzoq vaqt aspirin qabul qilish aslida qanchalik xavfli ekanini ko‘rsatdi. Jiddiy qon ketish xavfi yoshga qarab o‘sib boradi. Oksford olimlari ilgari insult yoki yurak xurujini boshdan kechirgan 3166 nafar bemorni nazoratdan o‘tkazdi. Ularga suyultiruvchi preparatlar, jumladan, aspirin yozib berildi. 10 yil davomida 314 nafar davolanuvchi qon ketish holati tufayli shifoxonaga murajaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, har kuni aspirin ichuvchi 65 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslarda shifoxonada yotib davolanishni talab qiladigan yillik qon ketish ko‘rsatkichi taxminan 1,5 foiz. 75-84 yosh o‘rtasidagi kishilarda bu ko‘rsatkich 3,5 foizni, 85 yoshdan yuqori bo‘lgan shaxslarda esa 5 foizni tashkil etadi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.