Termizda yangi oliy ta’lim yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi
Prezidentimizning 2017 yil 5 maydagi «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni davom etmoqda.
Ushbu hujjatga ko‘ra, 2017/2018 o‘quv yilida Termiz davlat universiteti bakalavriat bosqichiga 36 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 ming 800 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Surxondaryo viloyatida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiallari tashkil etildi. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali bakalavriat bosqichiga 8 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 350, Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali bakalavriat bosqichiga 9 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 300 talaba qabul qilinadi.
Viloyatdagi uch oliy ta’lim muassasasida ham ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar, qabul qilingan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar oynasi o‘rnatilib, kunlik qabul jarayonini yangilab borish yo‘lga qo‘yilgan. Suratga olish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, ota-onalar uchun maxsus jihozlangan xonalar tashkil etilgan. Abituriyentlar, ota-onalar qabul komissiyasi tarkibiga jalb etilgan tajribali professor-o‘qituvchilar va mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga aniq javob olmoqda.
Termiz davlat universitetida qabul jarayoni tartibli va sifatli amalga oshirilishi uchun ota-onalar va bolalar kutish xonalari tashkil etilgan.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz merosini yoshlarga keng o‘rgatish, ayniqsa, muqaddas dinimiz bo‘lmish islom tarixidan puxta saboq berishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Termiz davlat universiteti rektori, qabul komissiyasi raisi, senator Mamat Haydarov. – Joriy yildan ta’lim muassasamizda tashkil etilayotgan islom tarixi va manbashunosligi yo‘nalishi ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Joriy o‘quv yilida viloyatdagi sohalarga bo‘lgan talab tahlili mehnat ta’limi, turizm, mehmonxona xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish, arxitektura yo‘nalishlariga ehtiyoj borligini ko‘rsatdi. Yangi o‘quv yilidan ushbu yo‘nalishlarga ham abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda. Universitetimizda bu sohalarda yoshlarga sifatli ta’lim berish, ularni malakali mutaxassis etib tarbiyalash uchun zamonaviy sharoit ham, ilmiy salohiyat ham yetarli.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filialida ham abituriyentlardan hujjatlarni tez va sifatli qabul qilish uchun barcha qulaylik yaratilgan.
– Viloyatda mahalliy xomashyodan sifatli va arzon sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga ortmoqda, – deydi ushbu filial qabul komissiyasi mas’ul kotibi Nuriddin Amirqulov. –Ayniqsa, yengil va oziq-ovqat sanoati rivojlanayotir. Zamonaviy transport xizmatiga ehtiyoj o‘smoqda. Xalqaro, mahalliy ahamiyatga ega va ichki yo‘llarda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda viloyat hududidagi 535 kilometr yo‘lda rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani buning yorqin isbotidir. Hududda yuz berayotgan bunday o‘zgarishlar viloyatda ana shu sohalar uchun malakali mutaxassislar tayyorlashni taqozo etmoqda. Abituriyentlardan yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi, texnologik mashina va jihozlar, kimyoviy texnologiya, yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi, oziq-ovqat texnologiyasi, transport inshootlari ekspluatatsiyasi, avtomobil yo‘llari va aerodromlar, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlari bo‘yicha hujjatlar qabul qilinmoqda.
Qabul jarayonidagi sharoit va imkoniyatlardan abituriyentlar ham, ota-onalar ham mamnun.
Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filialida viloyat agrar tarmoqlari ehtiyojlari asosida meva-sabzavotchilik, uzumchilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, qishloq xo‘jaligi menejmenti, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi. Filial qabul komissiyasidan ma’lum qilishlaricha, ota-onalar murojaati e’tiborga olinib, shu yil Toshkent davlat agrar universitetining ana shu yo‘nalishlar bo‘yicha birinchi bosqichini tamomlagan surxondaryolik va qashqadaryolik talabalar ham ikkinchi kursdan o‘qishni Termiz filialida davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati hokimligi yangi o‘quv dargohiga yaqin hududdan professor-o‘qituvchilar va talabalar ilmiy-tajriba olib borishlari uchun 50 gektar unumdor yer maydoni ajratdi.
– Viloyatda fermerlik harakati yetakchi kuchga aylanib borayotgani soha uchun malakali mutaxassislarga talab va ehtiyojni oshirmoqda, –deydi Surxondaryo viloyati fermerlar kengashi raisi Abdusalom Nuriddinov. – Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun qulay iqlim sharoitiga ega viloyatning keng maydonlarida intensiv bog‘lar, tog‘li hududlarda yong‘oqzor va pistazorlar barpo etilmoqda. Dorivor o‘simliklarni parvarishlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilayotir. Zamonaviy issiqxonalarda turli ziroatlar yetishtirilib, sarxil meva, uzum, sabzavot va poliz mahsulotlarini saqlash hamda qayta ishlashga e’tibor kuchaymoqda. Qishloq yoshlari agrar sohaga qiziqsa-da, ko‘pchiligi Termiz davlat universitetiga hujjat topshirar edi. Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali ochilgani agrar tarmoqni malakali mutaxassislar bilan ta’minlashga keng imkoniyat yaratadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA