Sog‘liqni saqlash vazirligiga muddatli vazifalar yuklatildi
Prezident Shavkat Mirziyoevning «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga ikki oylik muddatda quyidagi vazifalar belgilab berildi:
— Respublika markazlari va ularning filiallarini, shuningdek, turdosh ixtisoslashtirilgan tibbiyot tashkilotlari va hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining ixtisoslashtirilgan bo‘limlarini, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarini profilaktika, diagnostika va bemorlarni davolashning ixtisoslashtirilgan turlari bilan ta’minlash uchun tibbiyot uskunalari, instrumentlar bilan jihozlash standartlarini zamonaviy texnologiyalarni hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
— O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda moddiy-texnika bazani doimiy ravishda yangilash, dori vositalari va zarur sarflash materiallari, tibbiyot uskunalarini ehtiyot qismlar bilan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan Respublika markazlarining rentabelligi darajasini ta’minlashni, shuningdek, xodimlar mehnatiga haq to‘lash shartlarini hisobga olgan holda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarga tariflarni shakllantirishning yangilangan umumiy qoidalari va metodikasini tasdiqlash;
— O‘zbekiston Respublikasining chet elga davolanish uchun jo‘nab ketayotgan fuqarolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning amaliy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.
Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
— 2018 yil 1 yanvargacha Respublika markazlari bilan birgalikda tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamlardan foydalanishga, shu jumladan, imtiyozli toifalarni alohida hisobga olgan holda yuqori texnologik tibbiy yordamdan foydalanishga muhtoj bo‘lgan bemorlarning doimiy yangilanadigan yagona elektron bazasini tashkil etish;
— 2019 yil 1 yanvargacha barcha ixtisoslashtirilgan markazlarda, viloyat filiallarida, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida vrach qabuliga masofadan turib yozilish imkonini beruvchi elektron dastur joriy etilishini ta’minlash;
— manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yetakchi xorijiy klinikalar va markazlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha Respublika markazlariga doimiy asosda ko‘maklashish.
Bundan tashqari, 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda:
— aholiga pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatuvchi sog‘liqni saqlash davlat tizimining tibbiyot tashkilotlari (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) soliqlarning barcha turlarini va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etilsin, bo‘shaydigan mablag‘lar tibbiyot tashkilotlarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlashga va unga servis va texnik xizmat ko‘rsatishga, ehtiyot qismlar, sarflash materiallari, inventar va boshqa tibbiy buyumlar xarid qilishga, yangi binolar va inshootlarni qurishga, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlashga yo‘naltirish;
— belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha sog‘liqni saqlash davlat tizimining tibbiyot tashkilotlari xorijdan olib kelinadigan tibbiyot uskunasi, butlovchi buyumlar, tibbiyot uskunasiga ehtiyot qismlar va sarflash materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilish;
— sog‘liqni saqlash davlat tizimining tibbiyot tashkilotlari mahalliy mutaxassislarining malakasini oshirish jarayoniga jalb etiladigan xorijiy olimlar, vrachlar va mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etish.