San’atga oshufta ko‘ngil
Oilada farzand dunyoga kelgach, ota-ona unga yaxshi niyatlar bilan ism qo‘yadi. Bolajon ulg‘aya boshlagach esa ular zimmasiga farzand kelajagi haqida qayg‘urishdek shirin tashvish tushadi.
Kimdir jigarbandini jajji qo‘lchalaridan ushlab, sport zaliga, yana kimdir musiqa maktabiga yetaklaydi. Ammo maqsad bitta – farzandni el koriga yaraydigan yetuk shaxs qilib tarbiyalash.
Hasan aka ham o‘g‘lini Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov kabi hofiz bo‘lishini niyat qilib, unga Niyatbek deya ism qo‘ydi. Qilingan ezgu niyat o‘z ijobatini topdi. Niyatbekning san’atga bo‘lgan mehri kun sayin orta boshladi. “Katta suvora”ni maromiga yetkazib ijro etgan o‘g‘ildan otaning ko‘ksi faxrga to‘ldi. Orzularining ijobat bo‘layotganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.
Hozirda Niyatbek Mahmudov Xorazm viloyati, Xiva tumanidagi 47-umumta’lim maktabining 6-sinfida tahsil olmoqda. Shuningdek, u Urganch shahar 1-son bolalar musiqa va san’at maktabining 5-sinfida malakali ustozlardan san’at sir-asrorlarini o‘rganmoqda.
– Ustoz san’atkorlarning qo‘shiqlarini tinglaganimda ilohiy san’at olamiga tushib qolgandek bo‘laman, – deydi Niyatbek. – Men ham kelajakda xuddi ulardek yetuk san’atkor bo‘lishni orzu qilaman. Ustozlarning “Istamas”, “Mustazod”, “Chorgoh”, “Talqini navo”, “Rosti faryodi”, “Segoh” kabi ko‘plab ashulalarini tor bilan kuylashni xush ko‘raman.
Mehnat bilan amalga oshirib bo‘lmaydigan ish yo‘q, – deydi dono xalqimiz. Niyatbekning ham intilishlari zoye ketmadi. U respublikamizda bo‘lib o‘tgan ko‘plab ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2016 yilda esa Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tkazilgan 8-mug‘om festivalida qatnashib, faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. Bundan uning ota-onasi, yaqinlari va ustozlari ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.
Yosh hofiz bugungi kungacha yetmishdan ortiq qo‘shiqlarni maromiga yetkazib kuylagan. Niyatbek nafaqat ashula ijro etish, balki doira, rubob, tor, dutor, pianino kabi ko‘plab cholg‘u asboblarini ham maromiga yetkazib chaladi.
Safiya NAZAROVA