“Janubiy Poytaxt Kubogi” xalqaro turnirida taekvondochilarimiz 14 medalga sazovor bo‘ldi
Qozog‘istonning Almati shahrida taekvondonning ITF yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi.
“Janubiy Poytaxt Kubogi” nomini olgan musobaqada Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan dayan ustalari ishtirok etishdi. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham bor edi. E’tiborlisi, musobaqada 10 nafar sportchi bilan qatnashgan taekvondochilarimiz yakunda 14 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Taekvondochilarimiz 7 oltin, 2 kumush va 5 bronza medal jam-arishdi.
Taekvondo (ITF) bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirning turli yo‘nalishlarida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Vladimir Li ikki marotaba shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Yevgeniy Kim va Sevgi Mansurova bittadan oltin va bronza medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yakkama-yakka bellashuvlarda Vadim Mun, Andrey Kim, Slava Pak o‘z vazn va yosh toifalarida birinchi o‘rinni egalladi.
Aleksandr Chetverikov hamda Yevgeniy Kim kumush medal bilan taqdirlangan bo‘lsa, Vladislav Mamayev, Sergey Nam, Lun Day kabi sportchilarimiz bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
14 medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
N.NORBOBOYEV