O‘zbekistonning barcha oliy o‘quv yurtlarida qabul komissiyalari o‘z ishini boshladi
15 iyundan O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarida 2017-2018 o‘quv yili uchun qabul jarayoni boshlandi.
Xabaringiz bor, joriy yilda qabul komissiyalari 15 iyundan 15 iyulgacha, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha abituriyentlarning hujatlarini qabul qiladi.
Prezidentning “2017-2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bakalavr ta’lim yo‘nalishiga 66 ming 316 nafar talaba, shularning 18 ming 194 nafari davlat granti va 48 ming 122 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilandi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (100 nafar bakalavr), Navoiy davlat konchilik institutida (90 nafar) va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida (80 nafar) maxsus sirtqi bo‘limlar ochiladi.