Poytaxtimizda Bobur nomidagi yangi bog‘ ochildi
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi bog‘ ochildi. Unga buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi.
10 iyun kuni ushbu bog‘ning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Shu munosabat bilan ushbu maskanga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, yozuvchi va shoirlar, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus vakillari, mahalla faollari taklif etildi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sh.Turdiqulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining o‘rinbosari K.Oqilova, O‘zbekiston xalq shoirlari I.Mirzo, S.Sayyid, A.Obidjon, Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaning Toshkent shahar bo‘limi raisi A.Jumaqulov va boshqalar xalqimiz uchun munosib sharoitlarni yaratish, yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan islohotlarda ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Yangi bog‘ning buyuk bobomiz nomi bilan atalishi bejiz emas. Zero, buyuk davlat arbobi, benazir shoir faoliyatida bog‘lar barpo etish, shaharu qishloqlar obodligiga e’tibor qaratish alohida o‘rin tutgan.
Maydoni 12 gektardan iborat bu ekologik bog‘ landshaft dizayni, suv havzalari, sport maydonchalari maxsus ekologik arxitektura-qurilish talablari asosida bunyod etilgan. Bog‘da sokin va osoyishta muhit hukmron. Bu yerdagi mavjud qurilmalar sog‘lom turmush tarzi g‘oyalari targ‘ibotiga xizmat qiladi. Ochiq trenajyor maydoni, badminton, voleybol, tennis, futbol maydonchalari, velosiped yo‘lakchasi, bolalar o‘yingohi kichkintoylar, sportsevar o‘g‘il-qizlar, Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari bilan gavjum. Yoga terrasasi, bolalar maydonchasi, gulzor boqqa betakrorlik bag‘ishlaydi.
Bog‘ning yana bir darvozasi yonidagi kumushrang aylana shaklidagi antiqa favvorani poytaxtimizning boshqa joylarida uchratmaysiz. Bir qarashda serquyosh diyorimizga ishoradek. Afsonaviy oynaijahonni eslatuvchi bu favvora tepasidan billur tusli yomg‘ir yog‘ayotgandek. Tomosha maydoni pillapoyalaridan tepaga yo‘l olib, yon-atrofdagi betakror manzaradan bemalol bahra olish mumkin. Bog‘ markazidagi mo‘jaz orolcha turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazishga mo‘ljallangan.
– Bu yerning dizayn loyihasi eko-bionika uslubida ishlab chiqilgan, – deydi «Design House» dizayn-studiyasi rahbari Lyubov Safronova. – Ushbu metodika dekoratsiyalarini ishlashda tabiiy shakllardan foydalanishga asoslanadi. Bog‘dagi barcha qurilmalarni, suv havzasi sohillarini, maydonchalarni tayyorlashda ekologik toza qurilish materiallari – tosh, yog‘och, maxsus metall simlar bilan zirhlangan toshlardan keng foydalanilgan.
– Ushbu bog‘ oila a’zolari, farzandlar bilan miriqib hordiq chiqarish uchun g‘oyat qulay, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti magistranti Mohira Inoyatova. – Bu yerda kichkintoylarni turli sport o‘yinlariga jalb etgan holda dam olish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bog‘dagi sport maydonchalarining ilk mehmonlari Mehribonlik uylarining tarbiyalanuvchilari, serfarzand oilalar bo‘ldi.
Bobur nomidagi Toshkent markaziy eko bog‘ining ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ishtirok etdi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA