Ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiya majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, komissiya raisi S.Safoyev boshqargan majlis mamlakatimizda ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimini topish masalalariga bag‘ishlandi.

Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimiz hududlari va tarmoqlarda qator ishlar amalga oshirilayotgani, ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijtimoiy yo‘nalishlari, zamonaviy uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarida belgilangan tadbirlarning ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh rahbari Z.Nizomxo‘jayev Harakatlar strategiyasining ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari aholi farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. Ayrim hollarda bu boradagi vazifalarni bajarishda muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ham qayd etildi.

Majlisda aholi bandligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Dasturda bu borada belgilangan ko‘rsatkichning 24 foizi bajarilgani qayd etildi. Maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari deyarli bajarilmagan.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri G.Saidova, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhiddinov, moliya vazirining o‘rinbosari A.Haydarov, Toshkent viloyati hokimi Sh.Boboyev va boshqalarning Davlat dasturida amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar yuzasidan 2017 yilning o‘tgan besh oyi mobaynida qilingan ishlar haqidagi hisobotlari tinglandi. Arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholining hayot sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilgan ishlar muhokama qilindi. Ijtimoiy soha ob’yektlarini barpo etish va ta’mirlash, o‘z vaqtida foydalanishga topshirishga oid muammolar mazkur loyihalar o‘z vaqtida moliyalashtirilmagani, tender o‘tkazilmagani va manzilli ro‘yxatlar taqdim etilmagani bois vujudga kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Yana o‘qing:  Yuksak ma’naviyatli avlod

Aholi o‘rtasida barpo etilayotgan uy-joylarning sifatidan, ularning qurilishi bitkazilmaganidan norozilik holatlari uchrab turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, viloyatlar hokimliklari bu kabi muammolarni hal etish, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish, ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarurligi ta’kidlandi. Davlat dasturini amalga oshirishda vazirliklararo hamkorlikni mustahkamlash, mavjud tafovutlarni bartaraf etish lozimligi qayd etildi. Qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish maqsadida mazkur dolzarb masalaga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratish, sohaga doir davlat dasturini ishlab chiqish, ish faoliyati xalqaro talablar darajasiga to‘la mos keladigan qurilish tashkilotlari tashkil etish, mavjud tashkilotlar salohiyatini oshirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash lozimligi qayd etildi.

Majlisda qayd etilgan barcha muammolarni bartaraf etish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida Davlat dasturining “Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalishidagi beshta bo‘linma – aholining bandligi va real daromadlarini bosqichma-bosqich oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, arzon uy-joylar qurish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholining hayot sharoitlari yaxshilanishini ta’minlovchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish, ta’lim va fan sohasini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzishga oid taklif ma’qullandi. Ishchi guruhlar rahbarlariga o‘n kun muddatda bu borada bajariladigan ishlar rejasi – “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Nodira MANZUROVA,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: