BMT Bosh kotibi: Orol dengiziga sayohat meni larzaga soldi
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Orol dengizining qurib qolgan qismini vertolyotda tomosha qilgach, uni insoniyat tomonidan sodir etilgan barbodlik ramzi deb atadi va dunyo yetakchilarini bu kabi fojiani sodir etmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, butunjahon tashkiloti rahbari 8dan 13 iyun sanasiga qadar Markaziy Osiyo davlatlari — Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘ylab turneni amalga oshirmoqda.
“Qachonlardir yopiq dengizlar orasida kattalik jihatdan to‘rtinchi o‘rinda turgan, bugungi kunga kelib esa deyarli qurib bitgan Orol dengiziga sayohat meni qattiq larzaga soldi. Ehtimol, bu davrimizning eng yirik ekologik fojiasidir”, – deyilgan BMT Bosh kotibining Mo‘ynoqqa safaridan so‘ng qilgan bayonotida.
Guterrish Mo‘ynoqda Orol dengizidagi kemalar «qabristoni»ni ziyorat qilgan va mahalliy aholi bilan suhbatda bo‘lgan.
Manba: sof.uz