Ozodalik – salomatlik
Tozalik qanday yaxshi-ya!? Ozodalik insonning ko‘rki, tozalik bor joyga baraka inadi, deya takrorlaydi, buvijonim. Tozalik haqida shunchaki so‘zlama, u amallaringda bo‘lsin deya ta’kidlaydi. Shu bois ham singlim, ukam va menga batartiblik odat bo‘lib qolgan.
Ishonsangiz, shu sarishtalik hovlimizdan mahallamizga ko‘chgan. Har tong ko‘chamiz kelinlariyu, qizlari kim barvaqt turib supurish “musobaqasi”ni boshlashadi. Ostonamizdan tortib, katta yo‘lga chiqqunga qadar hamma yoq supurib sidirilgan, suv sepilgan. Chiqindi uyumini-ku umuman uchratmaysiz. Kattalarning aytishicha, to‘plangan chiqindi bexosiyat bo‘lib, imkon boricha uni inson nazari tushmaydigan joyga, usti yopilgan holda idishlarga tashlash lozim.
Odatdagidek, mahallamdan Navoiy ko‘chasida joylashgan 59-umumta’lim maktabiga yo‘l oldim. Piyoda yurib, Xadra maydoniga chiqib bordim. Bahor fasli biram yaxshi-da, kechagi yengilgina yoqqan yomg‘irdan so‘ng daraxtlar va gullardagi namlikdan paydo bo‘lgan tomchilar nur kabi porlaydi.
Shahrimiz tozaligiga mas’ul aka va opalarimiz esa erta tongdan shahrimiz ozodaligiga o‘z hissalarini qo‘shish bilan birgalikda turli yumushlar bilan ketayotgan insonlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etishadi. Ammo… Xadra chorrahasidagi ko‘p qavatli binoning past qavatidagi do‘konlar atrofi supurilmagan yo‘lak, har doim chiqindilarga to‘lib ketgan maxsus idishlar, o‘rtadagi favvoraning ahvoli ham havas qilgudek emas. Do‘kon ichkarisidagi opalarim, akalarim har safar ichkarini artib, tozalashadi-yu, hech ham tashqaridagi ahvol haqida bosh qotirishmaydi. Asta “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli yo‘lovchilar o‘tish yo‘lagiga o‘taman. Yo‘laklar supurib-sidirilgan, yon tomondagi yerga ekilgan maysalar tekkislanib, suv sepilgan, rang-barang anvoyi gullar kishiga zavq bag‘ishlaydi.
Toshkent Kimyo-texnologiya instituti ham ulardan o‘rnak olsa bo‘lardi.
Endi qator joylashgan turli do‘konlar rastasi boshlanadi. Har birining atrofi tozalangan, suvlar sepilgan. Ammo… chiqindilarni katta yo‘lning chekkasiga, yoki bekatning burchagiga uyib qo‘yilgan. Ma’lumki, Navoiy ko‘chasi poytahtimizning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lib, yurtimizga tashrif buyuruvchi mehmonlar ham shu ko‘chadan o‘tishadi. Bu holat esa…
Va nihoyat o‘zimning ozoda, ko‘rkam maktabimga yetib keldim! U bizni buvijonimga o‘xshab tozalikka, tartibga o‘rgatadi. Zero, yurtimizning har bir go‘shasi Vatandir
Asilbek Tohirovning so‘zlarini
Ma’rifatxon qog‘ozga ko‘chirdi.