Bugunning o‘qituvchisi zamonaviy texnologiyalar bilimdoni bo‘lishi zarur
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek: “Xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimizning bugun qanday ta’lim va tarbiya olishiga bog‘liq. Buning uchun har qaysi ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko‘rishi zarur.
Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, farzandlarimizni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish ta’lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozim».
Darhaqiqat, bugungi kunda o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi tizimi uchun pedagogika sohasida mustaqil fikr yuritadigan, yuksak ma’naviy-axloqiy salohiyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni tayyorlash, ularning malakasini rivojlantirishning zamonaviy metodikalari, shakllari, usullari hamda vositalarini ishlb chiqarish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Bugun ta’lim muassasalariga o‘z sohasidagi bilimlarini mustahkam egallashdan tashqari zamonaviy pedagogik texnologiyalarni va interfaol usullarni puxta biladigan, ulardan o‘quv va tarbiyaviy mashg‘ulotlarni tashkil etishda foydalanish qoidalarini biladigan o‘qituvchilar kerak. Buning uchun barcha fan o‘qituvchilarini yangi pedagogik texnologiyalar va interfaol usullarga oid bilimlarini yanada mustahkamlash borasida olgan bilimlarini o‘quv-tarbiyaviy mashg‘ulotlarda qo‘llash malakalarini oshirib borish lozim.
O‘qituvchining pedagogik mahorati haqida fikr yuritar ekanmiz, uning bilim va fikr doirasining kengligiga, o‘z vazifasiga munosabatiga e’tibor bermoq kerak. Ayni vaqtda zamonaviy ta’lim maskanlariga, kasb-hunar kollejlariga, akademik-litseylarga o‘z fanini mukammal biladigan, o‘z amaliy faoliyatiga zamonaviy pedagogik va informatsion-kommunikatsion texnologiyalarni qo‘llaydigan malakali mutaxassislar kerak.
O‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchilarning imkoniyatlari va talablarini inobatga olishi zarur. Ustoz tomonidan targ‘ib etilayotgan ta’lim va tarbiya tizimi shaxsga yo‘naltirilgan xarakterga ega bo‘lishi, ya’ni shaxsning har xil xususiyatlari va sifatiga e’tibor qilgan holda tabaqalashtirilgan bo‘lishi kerak.
Pedagogik mahorat sohibi bo‘lishga intilgan kishi, shubhasiz o‘z bilimini doimo kengaytirishi, o‘quvchi talabiga ma’naviy-axloqiy ta’sir etuvchi g‘oya va fikrlarni yangilab borishi zarur. Zero, bizning asosiy kuchimiz bo‘lgan yoshlar tarbiyasi ishonib topshirilgan o‘qituvchining o‘zi har tomonlama tarbiyalangan bo‘lishi lozim.
Go‘zal TOSHMUHAMMEDOVA,
Zebo ABDUQODIROVA,
Toshkent Qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji o‘qituvchilari