Qadim qadriyatlar ildizi

O‘zbek xalq og‘zaki ijodining boy merosi dostonchilik janri bilan bolalarni yaqindan tanishtirish zamirida endigina dunyoni anglayotgan murg‘ak ko‘nglida vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirish mujassam. Zero, asrlar davomida sayqallanib kelayotgan ushbu milliy merosimiz boy o‘tishimiz, millatimizning samimiy ruhiyati va fe’l-atvorini tarannum etib keladi.

Qadimdan bizgacha yetib kelgan “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Yodgor”, “Kuntug‘mish”, “Malikayi ayyor”, “Rustamxon” kabi dostonlar o‘zining sodda tili, ravonligi, xalqchil so‘z va iboralardan yaralganligi bois o‘quvchi onggi-shuuriga oson singadi. Kishi ruhiyatiga ijobiy ta’sir etadi. Dostonlarda so‘zlarning qo‘llanilishi shu qadar dilga yaqianki uni tinglaganingizda beixtiyor qahramonlar ko‘z o‘ngingizda bor bo‘yi-basti bilan nomoyon bo‘ladi. O‘ynoqi so‘zlar va tasvir etish uslubi xilma-xilligi bois asarni takror va takror o‘qiganingizda ham yana qo‘lga olsangiz mutolaa etishga shoshilasiz. “Doston” so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib, “qissa”, “hikoya”, “tarix” ma’nolarini ifodalaydi.

Dostonni baxshilar kuylaydilar. Baxshilar esa o‘z ustozlaridan maxsus dostonchilik sirlarini o‘rgangan san’atkorlardir. “Baxshi” so‘zi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ko‘rsatilganidek donishmand, dostonlarni kuylovchi kabi ma’nolarni anglatadi.

O‘zbek dostonchiligida doston kuylash an’anasi qadimda uch yo‘nalishda rivojlangan. Birinchidan, Bulung‘ur, Narpay, Shahrisabz, Qamay, Sherobod, Janubiy Tojikistonda yashovchi o‘zbek-laqay dostonchilik maktablarida do‘mbira chertib yakka holda, bo‘g‘iz ovoz bilan ijro etilgan. Ikkinchidan, Xorazmda tor, dutor, g‘ijjak, garmon, bulamon, qo‘shnay, doira jo‘rligida ba’zan yakka, ba’zan juft holda, ochiq ovoz bilan ijro etilgan. Uchinchidan, Farg‘ona vodiysida dutor jo‘rligida ochiq ovozda aytilgan. Shubhasiz, o‘zbek dostonchiligida keng tarqalgan ijro usuli do‘mbira jo‘rligida bo‘g‘izda doston aytish hisoblanadi.

Bulung‘ur dostonchiligida qahramonlik dostonlarini ijro etish ko‘proq amalga oshgan. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li ijrosidagi “Alpomish”, “Yodgor”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Malikayi ayyor” kabi dostonlar yozib olingan. “Alpomish” dostoni xalq ijodidagi eng mukammal asar sifatida butun dunyo folklorshunos olimlari tomonidan tan olingan. Narpay dostonchiligida Islom shoir Nazar o‘g‘li ijodi alohida o‘rin tutadi. U “Orzigul”, “Sohibqiron”, “Erali va Sherali” kabi dostonlarni maromiga yetkazib ijro etgan. Shuningdek Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Fozil Yo‘ldosh, Po‘lkan shoir kabi baxshilar kuylagan qator dostonlar xalqning boy merosiga aylangan.

Xorazmda ayollarning doston aytishi ham keng tus olgan edi. Bibi shoira, Xonimjon xalfa, Ojiza, Onajon Safarova, Nazira Sobirova Xorazm dostonlarini kuylashda yetuk baxshilar qatorida munosib o‘ringa ega bo‘lgan.

Яна ўқинг:  CHIN DO‘ST

Nafaqat alla, ertak tinglab balki qadimiy xalq dostonlarini ham tinglab ulg‘aygan bolaning dilida albatta o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminiga mehr, qahramonlik, jasurlik, to‘g‘riso‘zlik, qatiyat, jur’at kabi insoniy fazilatlar barq urib gullaydi. Zero ushbu bog‘lar ertamizning bezavol bog‘lari bo‘lib ulg‘ayishi shubhasiz.

 

Nozima OLIMOVA,

“Nafis g‘unchalar” to‘garagi a’zosi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: