Bilim – kelajak poydevori
Bag‘rikeng va qutlug‘ ostona atalmish mo‘tabar dargoh – maktab bag‘rida yayrab bilim olayotgan o‘quvchilarning ulg‘ayib ertaga el koriga yaraydigan munosib vorislar bo‘lishini bugundan o‘ylamoq aslo kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri. Chunki, bola qalbidagi jamiki orzu-umidlar ana shu qadrdon oshiyonda shakllanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2013 yil 18 yanvardagi “Eng faol o‘quvchi” va “Eng faol sinf” nominatsiyalarini joriy etish to‘g‘risida”gi 21-buyrug‘i o‘quvchilarning bilim-ko‘nikmalarini mustahkamlash yo‘lida yana bir xayrli qadamdir. Bu borada Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 64-maktabda ham bir qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim maskanida o‘quvchilarning intilishi, qiziqishi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini oshirish, qobiliyatini ruyobga chiqarish, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash borasidagi tinimsiz izlanishlar o‘z samarasini bermoqda. Maktab rahbari Muborak Mirzavaliyeva yetakchiligidagi jamoaning o‘zaro ahilligi bois ta’lim maskani nafaqat tumanda, balki viloyatda ham yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Mavjud fan va sport to‘garaklari o‘quvchilar bilan gavjum. Ilm maskanidagi Axborot-resurs markazi, “Salomatlik burchagi”, shinam sport zali bolajonlarning sevimli maskaniga aylangan. O‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari, sport musobaqalarida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar yana yangi marralar sari intilishmoqda. Bu borada jonkuyar ustozlarning hissasi katta. Bolajonlarni ma’naviy barkamol shaxslar bo‘lib yetishishiga ko‘maklashish, o‘quvchilarning o‘zaro do‘stona munosabatlarini, jamoa sifatida bir maqsad sari intilishlarini, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishlarini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan “Eng faol o‘quvchi” “Eng faol sinf” viloyat seminar-treninggi ham yangi iqtidorlarni kashf qildi.
Ushbu seminar-treningda ishtirok etgan Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi Ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi bosh mutaxassisi Faxriddin G‘afforov, Narpay tuman Xalq ta’limi muassasalar faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘lim mudiri o‘rinbosari Abdurasul Azimov, tumandagi maktablarning ma’naviy-axloqiy tarbiya bo‘limi uslubchilari o‘quvchilarning puxta bilimga ega ekanligini yana bir bor e’tirof etishdi. 4-sinf o‘quvchisi Otabek Nurullayev, 9-sinf o‘quvchisi Maftuna Yoqubova “Eng faol o‘quvchi” nominatsiyasida g‘olib deb topilib, sertifikat bilan taqdirlangan bo‘lsa, 4-“D” va 9-“A” sinf o‘quvchilari “Eng faol sinf” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Tashkil etilgan ko‘rgazmali vositalar, seminar-treningga oid slaydlar ham yuqori baholandi.
Ta’lim maskanida o‘tkazilayotgan ana shunday tanlovlar o‘quvchilarni bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilsa, bolajonlarni bo‘sh vaqtini maqsadli tashkil etish borasidagi maktabdan tashqari to‘garaklar ularni kasbga yo‘naltirish borasida qo‘l kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda har bir saboq jarayonida o‘quvchisini puxta bilim egallashi va kelajakda komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun bugundan zamin hozirlayotgan o‘qituvchi chindan-da o‘z kasbining fidoyisidir.
Nasiba NORBOYEVA,
64-maktab Ma’naviy-axloqiy tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari