Chekishdan har yili qancha inson halok bo‘layotgani e’lon qilindi
Har yili 7 milliondan ortiq odam tamaki iste’moli bilan bog‘liq xastaliklar tufayli olamdan o‘tadi. Chekish bilan bog‘liq yillik iqtisodiy yo‘qotishlar esa 1,4 trillion dollarni tashkil etadi. Bu haqda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida aytildi.
Hisobot 31 may – Butunjahon tamakisiz yashash kuniga mo‘ljallab chiqarildi.
«Har yili tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida 7 mlndan ortiq inson halok bo‘ladi. Hukumatlar va oilalarning sog‘liqni saqlash, mehnat samaradorligi pasayishi tufayli xarajatlari 1,4 trln dollardan ortiqni tashkil etadi», – deyiladi hisobotda. Ta’kidlanishicha, «tamaki noyuqumli kasalliklardan o‘lish hollarining 16 foiziga aloqador».
Ekspertlarga ko‘ra, tamaki «barcha insonlarga, milliy va mintaqaviy rivojlanishga ko‘plab tahdidlar solmoqda». Xususan, tadqiqotlarga ko‘ra, kambag‘al oilalarda tamaki mahsulotlariga sarflanadigan mablag‘ oilaviy xarajatlarning 10 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Bu esa taom, ta’lim va sog‘liqni saqlashga kam pul qolishini anglatadi. JSSTga ko‘ra, 860 mlnga yaqin katta yoshli kashandalar past va o‘rta daromadli mamlakatlarda istiqomat qiladi.
Bundan tashqari, tamaki ekish va o‘stirish ishida bolalarning band bo‘lishi oqibatida ta’lim sohasi zarar ko‘rmoqda. Jumladan, tamaki dalalarida ishlovchi oilalarda 10–14 foiz bolalar darslarga bormaydi.
Manba: sof.uz