“Kamalak” sardorlari anjumani: 600 dan ziyod o‘g‘il-qiz tengdoshlari bilan tajriba almashishdi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarining XVI respublika anjumani bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, iste’dod va imkoniyatlarini keng namoyon etishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotir.

“Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan tashkil etilgan anjuman ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bir hafta davom etgan tadbirda tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Sardorlarning bilim va ko‘nikmasini oshirish, ilg‘or tajribalarni, o‘quvchi-yoshlarning ijodiy-ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faolligini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari va uchrashuvlar o‘tkazildi.

– Yoshlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash, iste’dod va salohiyatini rivojlantirishi va namoyon etishi uchun zamonaviy sharoit yaratish Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir, – deydi Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Murodjon Zufarov. – Bunday tadbirlar yosh iste’dodlarni izlab topish, ularning qobiliyatini ro‘yobga chiqarish va qo‘llab-quvvatlash, bolalarda tashabbuskorlik ko‘nikmasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.

Anjumanda yurtimizning barcha hududlaridan kelgan 600 dan ziyod o‘g‘il-qiz tengdoshlari bilan tajriba almashish bilan birga, maroqli hordiq chiqarish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi. Bu yilgi anjumanda avvalgilaridan farqli ravishda 193 nafar mahalliy “Kamalak” bolalar tashkiloti va 14 nafar hududiy bolalar tashkiloti raislari ham ishtirok etdi. Bu sardorlar va bolalar tashkilotlari raislari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida sardorlar va mahalliy “Kamalak” bolalar tashkilotlari raislari uchun “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati qoshidagi “O‘quv-uslubiy markaz” nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan mahorat darslari o‘tkazildi. “Nizolar va ularni hal etishning psixologik usullari”, “Sardor faoliyatida notiqlik mahorati”, “Sardor va sardorlik xususiyatlari”, “Qarorlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish xususiyatlari”, “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish” mavzularida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda bolalar tashkilotlari raislari va sardorlarning bilimini, amaliy ko‘nikmalarini boyitishga alohida e’tibor qaratildi.

– Anjuman menda katta taassurot qoldirdi, – deydi Qarshi shahridagi 4-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Sevinch Hamroyeva. – Mushoira kechasida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayidning Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlab yozgan marsiyasini yoddan aytib berdim. She’riyatga juda qiziqaman. Bo‘sh vaqtimda ko‘proq she’riy kitoblar o‘qiyman. O‘zim ham she’r mashq qilib turaman. Maktabimizda puxta bilim olishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ishtirokchilar uchun “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turgan bolalar bilan ishlashning psixologik asoslari”, “Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya”, «O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati”, «Bolalar tashkilotining quyi tizimlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarni tashkil etishning samarali usullari” mavzularida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

“Eng namunali hududiy sardorlar kengashi” ko‘rik-tanlovining final bosqichida Sardorlar kengashi a’zolari “Bu bizning faoliyat”, “Bizning imkoniyatlarimiz” va “Intellektual ring” deb nomlangan shartlarda o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

Yana o‘qing:  ZUMRADOYLAR DAVRASI

Anjuman yakunida loyiha va tanlovlar g‘oliblari hamda faol yoshlar munosib taqdirlandi. Teatr guruhlari va taniqli estrada xonandalari ishtirokidagi gala-konsert tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

O‘lmas BAROTOV,

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: