Hiqichoqqa limon davo
Limonning xalqa qilib kesilgan bir dona parragi ham bemorga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Nordon sitrus meva sharbati og‘iz bo‘shlig‘i va qizilo‘ngachni ta’sirlantiradi. Natijada hiqichoq asta-sekin bartaraf bo‘ladi. Yana bemorga suv berish kerak. Ammo u suyuqlikni ohista va qultumlab ichishi darkor. Shuningdek, yosh bola yoki katta kishiga hiqichoq tutgan payti chuqur nafas olib, bir oz nafas chiqarmay turishni va bu vaqt davomida unga o‘ngacha sanashni taklif etish zarur. Yana bemorni chalg‘itish uchun jiddiy turib u kutmagan biror voqea-hodisa ishtirokchisi bo‘lgani haqida unga “so‘zlab” bering. U bundan cho‘chib ketib, hiqichog‘i haqida unutadi. Unutmang, “hazilning tagi zil bo‘lmasin”.
Mabodo emizikli mittivoyni hiqichoq tutsa uni bir oz tik holatda ushlab turing, shunda me’da va qizilo‘ngachdagi ortiqcha havo chiqib ketadi. Bu holatda ham go‘dakning umurtqa pog‘onasiga ortiqcha yuklama tushmasligi uchun uni ehtiyot qiling.
Ammo yuqoridagi tavsiyalarimizga amal qilsangiz ham bir hafta davomida bemorni bir necha marotaba hiqichoq tutsa, bilingki bu jiddiy xastalik alomati bo‘lishi mumkin. Albatta, xasta kishiga pediatr va nevropatolog ko‘rigidan o‘tishni tavsiya etamiz. U sizga zarur tibbiy muolajalarni buyuradi.
GULSHIRIN