Voleybol
Voleybol – yurtimizda eng ommalashgan sport turlaridan biri sanaladi. Keyingi paytlarda yosh o‘g‘il-qizlarimiz orasida ushbu sport turiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Muhimi, voleybol bilan shug‘ullangan insonning salomatligi mustahkam, kayfiyati esa a’lo bo‘ladi.
Ravshan NASIMOV, murabbiy:
– Voleybol – jarohat olish ehtimoli kamroq bo‘lgan sport turlari qatoriga kiradi. Bu sport turi o‘smir yoshdagi bolalarda chaqqonlik, epchillik hozirjavoblik kabi xususiyatlarni tarbiyalash bilan birga, ularni ahillikka o‘rgatadi.
Asosan 9-10 yoshli bolalarni to‘garakka qabul qilamiz. Basketbol sport turida bo‘lganidek, voleybolda ham imkoni baland bo‘yli bolalarga alohida e’tibor qaratiladi. Ammo chayir, tezkor fikr yurita oladigan, jamoaviy harakatlanish ko‘nikmalariga ega bo‘lganlar ham ushbu sport turida muvaffaqiyatga erisha oladi. Voleybol bilan mashq qilayotgan bolalar mehnatkash, irodali hamda qat’iyatli bo‘lib kamolga yetadilar. Qolaversa, ularda vaziyatning o‘zgaruvchanligiga ko‘nikuvchanlik xususiyatlari oshadi. Tabiatan uyatchan, kamgap bolalar jamoada o‘ynash jarayonida tengdoshlari bilan tez til topishib ketishadi. Barcha jamoaviy sport turlarida bo‘lgani kabi voleybol bilan mashq qilgan bola ko‘pchilik oldida mas’uliyatni his qilishni o‘rganadi.
Savriniso Hakimova, pediatr:
– Barcha sport turlari kabi voleybolning chiniqtiruvchi xususiyatlari bisyor. U bilan shug‘ullanish yurak qon-tomir tizimini mustahkamlaydi, nafas olish tizimiga ijobiy ta’sir qiladi, tanada qon aylanishini yaxshilaydi. Bu sport turida oragnizmdagi barcha mushaklarga yuklama tushib, tayanch-harakat tizimi mustahkamlanadi, bo‘g‘imlar faolligi oshadi. Voleybol bilan mashq qilish asnosida bo‘g‘imlarda qon aylanishi yaxshilanib, organizm foydali ozuqalar bilan ta’minlanadi. Natijada bog‘lovchi mushak va bo‘g‘imlar mustahkamlanadi, baquvvatlashadi. Bu sohadagi og‘riqlar kamayadi. Voleybol umurtqa pog‘onasining egiluvchanligini oshirib, osteoxondrozni oldini olish va uning birlamchi ko‘rinishlarini bartaraf etishi bilan ahamiyatlidir. To‘p ketidan kuzatish jarayonida ko‘z mushaklari ham faollashadi, ularning ko‘rish maydoni kengayadi.
Basketbol, futbol kabi jamoaviy sport turlarida bo‘lganidek, voleybol bilan tayanch-harakat, yurak-qon tomir hamda me’da-ichak tizimlarida kasalliklari bo‘lgan bemor mashq qilishi tavsiya etilmaydi.
Yulduz ORTIQOVA