Ozodalikdan qo‘rqadigan xastalik

Yoki yuqumli me’da-ichak kasalliklari haqida xabardormisiz?

Issiq joyda saqlangan oziq-ovqat mahsulotlarida mikroblar ko‘payib, uning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bunday ovqatni iste’mol qilish kasallanishga olib keladi.

Ayniqsa, issiq kunlarda o‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklari avj oladi. Ularni turli mikroorganizmlar keltirib chiqaradi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning turiga qarab bu xastaliklar ichburug‘, salmonellyoz, ichterlama, esherixioz, iyersinioz kabi nomlar bilan yuritiladi.

Jazirama kunlarda ushbu yuqumli dardning ko‘proq uchrashiga bir qancha omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, havo haroratining yuqori bo‘lishi, ayniqsa, yosh bolalar organizmida ma’lum immunologik o‘zgarishlar, himoya vositalari kuchsizlanishi, ovqat hazm bo‘lishining susayishi, qaynatilmagan suvning iste’mol qilinishi yoki issiq kunda tez-tez suv ichish sababli me’da shirasidagi muhim himoya vositasi hisoblanadigan xlorid kislotasi konsentratsiyasining pasayishi bemorlikka chalinishga zamin hozirlaydi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning asosiy manbasi shu dard bilan og‘rib o‘tgan yoki og‘riyotgan bemorlar, shuningdek, ushbu kasallik bakteriyalarini tashuvchilardir. Ularning najasi bilan mikroorganizmlar tashqi muhitga tarqaladi. Keyin esa atrof-muhit ob’yektlarini (suv, kiyim-kechak, oziq-ovqat)larni ifloslantiradi.

Agar oziq-ovqat mahsulotlari noto‘g‘ri saqlangan bo‘lsa mikroblarning ko‘payishi uchun qulay sharoit tug‘iladi. Shuning uchun issiq joyda saqlangan oziq-ovqat mahsulotlarida mikroblar ko‘payib, uning buzilishiga sabab bo‘ladi. Bunday ovqatni iste’mol qilish kasallanishga olib keladi.

Ayrim emizikli bolalarni onalar emizishda va ularni ovqatlantirishda ozodalikka e’tibor berishmasa yoki go‘dakning sun’iy ozuqasi noto‘g‘ri saqlansa unga mikroblar tushishi va tezgina ko‘payishi mumkin. Qaysi mikrob qo‘zg‘atishidan qat’iy nazar kasallikning asosiy belgilari to‘satdan ich buzilishi va qusish bilan kuzatiladi. Ketma-ket qusish va ich ketishi oqibatida kishi organizmi qisqa muddatda ko‘p miqdorda suv va mineral tuzlarni yo‘qotadi. Natijada bemor holsizlanadi, uning terisi quruq bo‘lib, dag‘allashadi. Og‘zi quriydi. Bu holat bolalarda ko‘proq uchrab o‘ynab-kulib turgan bola 3-4 soat ichida butunlay majolsizlanadi. Odatda odamlar bozorlarda yuvilmagan ho‘l va quruq mevalarning ta’mini tatib ko‘rgan vaqtida, yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni iste’mol qilganda hamda bemor bilan muloqotda bo‘lganda, shuningdek, uning yaxshi tozalanmagan idish-tovoqlaridan foydanilganda ushbu xastalikka chalinadi. Yana bolalar kanallar, ariqlar, anhorlarda cho‘milgan paytlarida suv yutib yuborganida ham infeksiyani yuqtirishi mumkin.

Yana o‘qing:  ALIFBENI “ZABT ETAYOTGAN” XASTALIK

O‘tkir yuqumli me’da-ichak kasalliklarining tarqalishida pashshalar ham katta rol o‘ynaydi. Ular iflos joylarda tuxum qo‘yib, ko‘payib, kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni oyoqlaridagi tukchalarga ilashtirib oladi hamda oziq-ovqat mahsulotlari, suv va idish-tovoqqa qo‘nib, ularga mikroblarni tarqatadi. Agar uyda yaqinlaringiz va yosh bolalarda qayt qilish, ich ketish, tana haroratining ko‘tarilishi kabi kasallik belgilari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qiling.

“Kasallikni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshi” degan naql bejizga aytilmagan. Yuqorida nomlari tilga olingan xastaliklar yo‘liqmay desangiz birinchi galda tozalikka ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va hojatxonaga kirib-chiqqach qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvishga e’tiborli bo‘lish zarur. Xonadonlar, ish joylari, dala shiyponlari, maktablar va bolalar muassasalarida, oziq-ovqat mahsulotlari korxonalarida, oshxonalarda sarishtalikka rioya qilish shart. Tez buzilib qoladigan oziq-ovqat mahsulotlarini sovutgichlarda, boshqa mahsulotlarni esa pashsha, suvarak, sichqon va kalamushlar tegmaydigan joyda saqlash lozim. Ovqat qoldiqlarini o‘z vaqtida yig‘ishtirib, maxsus ajratilgan chiqindixonalarga olib borib tashlash kerak. Suvni faqat qaynatib ichishni unutmaslik muhim. Ishda, jamoat joylarida, uyda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish darkor.

Gijja xastaliklari kabi bu dard ham shifokorlar tomonidan “iflos qo‘llar kasalligi” deb aytiladi. Har narsani bilib-bilmay og‘izga solishdan saqlanish kerak. Ayniqsa, bozorlarda ho‘l mevalarni xarid qilayotganingizda ularni yuvmasdan tatib ko‘rmang. Suvni iste’mol qilishda ehtiyotkor bo‘lgan ma’qul. Ko‘proq qaynatilgan suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Cho‘milganda suvlarning tozaligiga e’tibor berish kerak. Ho‘l mevalarni yaxshilab yuvib iste’mol qilish zarur. Yaxshi saqlanmagan va uzoq vaqt turib qolgan ovqatlarni yoki salatlarni iste’mol qilmang.

Muzlatgichlarni toza tutish, undagi mahsulotlarni o‘z vaqtida iste’mol qilish va ularni tez-tez yangilab turish darkor.

Mevalarni qaynatilgan sovuq suvda qayta-qayta yuvishdan erinmaslik kerak. Ayniqsa, qulupnay kabi rezavor mevalar tabiiy go‘ng solib yetishtirilgani va uning mevalari yerga yaqin o‘sgani uchun tez ifloslanadi. Shu sababli bu mevani yaxshilab yuvishni unutmang. Idish-tovoqlarni yuvgandan so‘ng qaynagan suvga botirish yoki chayish kerak. Kasalxonaga borganda bemor yaqin kishingiz bo‘lsada undan masofa saqlang.

Chaqaloqlarni ovqatlantirishda sun’iy ovqatlarni bolaga yetarli qilib tayyorlab bering hamda uzoq saqlamang. Atrof-muhitni, xonadonlarni va aholi umumiy foydalanadigan joylarni doimo ozoda bo‘lishini ta’minlash kerak. Har birimizning sog‘ligimiz yuqorida aytilgan qoidalarni qanday bajarishimizga ham bog‘liq.

Yana o‘qing:  Tabiatning marvarid tuhfasi

Har bir bemorni davolash uchun davlatimiz tomonidan katta mablag‘ sarf qilinadi. Bu esa byudjetdan sezilarli sarf-xarajatlarni talab etadi. Shuning uchun ham bemorni davolashdan ko‘ra xastalikning oldini olish uchun harakat qilmog‘imiz lozim. Agarda yuqorida aytib o‘tilgan tavsiyalarga qat’iy amal qilsangiz o‘tkir yuqumli me’da-ichak kasallliklari va uning og‘ir asoratlaridan o‘zingizni asragan bo‘lasiz hamda oila a’zolaringizning salomatligini mustahkamlashda o‘zingizning katta hissangizni qo‘shasiz.

Omon MIRTOZAYEV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi Epidemiologiya kafedrasi professori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: