“Barkamol avlod – 2017”: Katta sport bayramiga qizg‘in taraddud
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘quvchilari hamda oliy o‘quv yurti talabalari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport musobaqalari yoshlarni jismonan va ma’nan yetuk insonlar etib ulg‘aytirish bilan birga, ularda jamoa bo‘lib harakat qilish, g‘alabaga intilish ishtiyoqini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, o‘tgan vaqt mobaynida ushbu musobaqalar orqali yurtimizning barcha hududlarida sport infratuzilmasi takomillashtirildi, yangi va zamonaviy sport inshootlari barpo etildi. Ular zarur sport inventarlari bilan to‘liq ta’minlandi.
Joriy yil Jizzax viloyatida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlariga poytaxtimiz yoshlari ham puxta hozirlik ko‘rishmoqda. Musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 2 mingga yaqin yosh sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
– Har bir musobaqa biz yoshlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi Sergeli politexnika kolleji 1-bosqich o‘quvchisi Kamron Hasanov. – Saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tib, “Barkamol avlod” o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritganimda o‘zimni xuddi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgandek his etdim. Nasib bo‘lsa, musobaqaning yakuniy bosqichida ham muvaffaqiyatli qatnashib, ustozlarim ishonchini oqlayman.
Poytaxt jamoasi tarkibidagi sportchilar orasida mamlakat hamda Osiyo chempionlari va sovrindorlarining borligi, ularni bu galgi musobaqalardan ko‘zlayotgan natijalari yuksak ekanini ko‘rsatadi. Qolaversa, bu yilgi “Barkamol avlod” sport o‘yinlari avvalgilaridan farqli ravishda sportning o‘n olti turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Musobaqa dasturiga basketbol, voleybol, futbol, gandbol, yengil atletika, badiiy gimnastika, tennis, stol tennisi, suzish va shaxmat bilan bir qatorda og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo WTF, erkin va yunon-rum kurashi turlari kiritildi.
– Ishtirokchi sportchilar bir necha bosqichda o‘tkazilgan saralash musobaqalari orqali saralab olindi, – deydi Sergeli politexnika kasb-hunar kolleji jismoniy tarbiya murabbiyi Fazliddin Dovulov. – Ayni paytga kelib, barcha jamoalar to‘liq shakllantirildi. Maqsadimiz esa o‘tgan galgi “Barkamol avlod” o‘yinlarida ko‘rsatgan natijalarimizni yanada yaxshilashdir.
2020 yili Yaponiyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq mamlakatimizda jadal ommalashayotgan olimpiya sport turlari – boks, og‘ir atletika, taekvondo, erkin va yunon-rum kurashining uch bosqichli musobaqalarga kiritilgani ushbu tizim jahon maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qila oladigan mahoratli sportchilar tayyorlash maktabiga aylanganidan dalolat beradi. Buning zamirida dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalashdek ezgu maqsad mujassam.
Navro‘z NORBOBOYEV