Olimlar jismoniy tarbiyadan qisqa tanaffus qilishning xavfini aniqladi
Buyuk Britaniyalik tadqiqotchilar guruhi salomatlik uchun jismoniy mashqlar bajarishdan bir muddat voz kechsa inson organizmida nima ro‘y berishini aniqladi, deb yozmoqda EurekAlert! Ilmiy yangiliklar portali.
Muntazam jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib kelayotgan kishi 14 kun mashq bajarmay qo‘ysa, tanasida qator metabolik o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu o‘zgarishlar xronik kasalliklar rivojlanishiga yo‘l ochadi. Gap, xususan, yurak-qon tomir kasalliklari va ikkinchi turdagi qandli diabet haqida ketmoqda.
Tadqiqot davomida mutaxassislar sog‘lom, jismoniy faol hayot tarziga ega va o‘rtacha yoshi 25 bo‘lgan 28 nafar odamni kuzatdi. Ularning barchasiga jismoniy faolligini o‘lchovchi bilaguzuk taqib qo‘yildi.
Tekshiruv yakunida olimlar jismoniy faollikdagi uzilish, hattoki, qisqa muddatli bo‘lsa ham salomatlikda negativ aks etadi, degan xulosaga keldi.
Manba: sof.uz