Yan Geyl: Samarqand – tarixiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan shahar
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan daniyalik taniqli xalqaro arxitektor, “Gehl Architects” kompaniyasi asoschisi Yan Geyl 18 may kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.
Daniya Qirolligi Nafis san’at akademiyasining me’morlik bo‘yicha faxriy magistri Amir Temur maqbarasi va Registon maydonini hayrat bilan tomosha qildi. Mehmonga ushbu obidalarning yaratilish tarixi, ularni asrab-avaylash borasida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi. Yan Geyl bundan bir necha asr oldin bunyod etilgan mazkur inshootlarning mukammal me’moriy yechimlar asosida qurilganini qayd etib, bu ajdodlarimizning yuksak aql-zakovatidan dalolat berishini ta’kidladi.
Registon maydoni va Siyob dehqon bozorini bog‘lovchi Islom Karimov ko‘chasining sharqona, o‘ziga xos landshaft dizayni, milliy hunarmandlik ustaxonalari va savdo do‘konlari, tarixiylikka uyg‘un zamonaviy ko‘rinishi ham mehmonda katta taassurot qoldirdi.
– Samarqanddagi bir necha asrlik obidalar bilan tanishib, shaharning zamonaviy arxitekturasida tarixiy elementlar ko‘p aks etishi boisini angladim, – deydi Yan Geyl. – Bu juda zavqli va o‘ziga xos. Muhimi, ularda ma’lum bir maqsad bor, ifodalar mavjud. Bu an’analarni yo‘qotmaslik va ularni takomillashtirgan holda zamonaviy shaharsozlikda keng foydalanish lozim.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida Yan Geyl ishtirokida zamonaviy shaharsozlik arxitekturasiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Institut professor-o‘qituvchilari va talabalar, arxitektor va loyihachilar qatnashgan tadbirda zamonaviy jahon arxitekturasining o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z yuritildi.
Shaharsozlik arxitekturasida atrof-muhit musaffoligini asrash va aholi uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilishi, yashil maydonlarni ko‘paytirish, velosiped va piyodalar yo‘laklari tarmog‘ini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Seminar yakunida Yan Geyl ellik yillik faoliyati davomida orttirgan tajriba va xulosalari asosida yaratilgan bir qator kitoblarini institut jamoasiga topshirdi.
G‘olib HASANOV,
O‘zA