Kasb tanlovi – baxt tanlovi
Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan umumta’lim maktablari bitiruvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning qiziqishlari va iqtidorlari asosida ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olishda jiddiy e’tibor qaratilyapti.
Bu borada Namangan shahridagi 15-maktab pedagoglari olib borayotgan faoliyat boshqa ta’lim muassasalari uchun namuna bo‘la oladi. 2015 yilda Investitsiya dasturi asosida mukammal ta’mirlangan ziyoxonada bajarilgan qurilish ishlariga 1 mlrd. 822 mln. so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Natijada o‘quvchilar fan sirlarini puxta o‘rganishlari uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratildi. 2016 yili esa Xalq ta’limi vazirligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan ilm maskaniga 12 ta tikuv mashinasi, pazandachilik yo‘nalishi bo‘yicha zarur jihozlar o‘rnatildi. O‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan duradgorlik, temirchilik, chilangarlik kasblarini mukammal o‘rganish imkonini beradigan mehnat ta’limi ustaxonalari jihozlanishi ham o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirishda yangi imkoniyatlar ochdi.
Amaldagi o‘quv yilida 150dan ziyod o‘quvchi ana shu imkoniyatlardan foydalanib, 10 ga yaqin kasb-hunar sirlarini maktabning o‘zida o‘rganyapti. Bundan tashqari 60dan ziyod o‘quvchi “Ustoz-shogird” an’anasi asosida maktab joylashgan hududdagi milliy hunarmandchilik va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalarida mehnat qilayotgan ustalardan sartaroshlik, kosiblik, tunukasozlik , yog‘ochdan buyumlar yasash sir-asrorlarini o‘zlashtiryaptilar. Qizlar uchun esa “Zardo‘zlik”, “Mohir qo‘llar”, chevarchilik to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
410 nafar o‘quvchi-qizni birlashtirgan “Tikuvchilik” to‘garagi faoliyatidan esa ota-onalar juda mamnun. Chunki, Salbarxon Qirg‘izova rahbarligida tikuvchilik kasbini o‘rganayotgan o‘quvchilar qizlar va o‘g‘il bolalar liboslari, fartukchalar, bolajonlar uchun turli liboslar tikib, yaqinlarini xursand qilmoqdalar. “Pazandachilik” to‘garagida milliy va xorijiy taomlar tayyorlashni o‘rganishga ahd qilgan 100dan ortiq o‘quvchi-qiz hozirda turli pishiriqlar va taomlar pishirish bilan birga mehmon kutish, dasturxon bezash, “Karving” san’ati sirlarni ham puxta bilib olmoqdalar. Yog‘ochga ishlov berish, chilangarlik va temirchilik ustaxonalari o‘g‘il bolalar uchun shu sohaga oid kasblar ko‘nikmasini orttirishlarida juda qo‘l kelyapti.
Viloyatda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha “Mahorat maktabi” etib belgilangan mazkur ta’lim dargohida ana shu sohada orttirilgan tajribalar va ilg‘or ish uslublarini boshqa muassasalarga yetkazish maqsadida bu yerda tez-tez ilmiy-amaliy, o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda. Bu gal uyushtirilgan anjuman vodiy viloyatlaridan kelgan hamkasblar uchun o‘ziga xos tajribalar namoyishi bo‘ldi. Xalq ta’limi vazirligi, viloyat xalq ta’limi va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari tashabbusi bilan “Kasb tanlovi-baxt tanlovi” mavzusida tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminarda mezbonlardan tashqari Farg‘ona, Andijon viloyatlaridan kelgan mutaxassislar, tuman(shahar)lar XTMFMTTE bo‘limlari taxshis markazi rahbarlari, umumta’lim maktablari psixologlari qatnashdilar.
Tadbirni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Vahobjon Rajapov ochdib berdi. U o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, 15-umumta’lim maktabining bu borada to‘plagan boy tajribasi haqida gapirib berdi. So‘ngra tadbir ishtirokchilari maktab hayoti, kasb-hunar to‘garaklari faoliyati, “Orasta qizlar” klubi ishlari va maktab kututbxonasida uyushtirilgan “Kitobim-oftobim” nomli mashg‘ulotlarni kuzatdilar.
Anjuman doirasida 15-maktab psixologi Zarifa Nazarova tashkil etgan “Kasblar olami va men” nomli trening mashg‘uloti ham qo‘shni viloyatlardan kelgan hamkasblarida yaxshi taassurot qoldirdi.
Anjuman qatnashchilari tadbir nihoyasida maktab o‘quvchilari ishtirokida tashkil etilgan “Osh tanlovi” va “Sartaroshlar” bahsini tomosha qildilar.
Seminarning yakunlovchi yig‘ilishi ishchan va faol ruhda o‘tdi. Unda so‘z olganlar 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, qiziqishlari va qobiliyatlari asosida ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida iliq fikr-mulohazalarini bildirdilar. Respublika tashxis markazi rahbari Sharifjon Ergashev so‘z olib, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha mutaxassislar oldida turgan muhim vazifalarni ta’kidlab, seminar ishini juda namunali baholadi.
Namangan viloyati
xalq ta’limi boshqarmasi
Axborot xizmati