Xalq ta’limi vazirligi va Axborot texnologiyalari universiteti yangi loyihaga qo‘l urdi
Xalq ta’limi vazirligi, Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamkorlikda yangi loyihaga qo‘l urishdi.
Unga ko‘ra umumta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlarning kompyuter savodxonligi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish malakasini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda amaliy o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
Ushbu o‘quv kurslari Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi mutaxassislari hamda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan hamkorlikda o‘tkazilib, ularga umumta’lim maktablarining informatika fanidan tashqari barcha fan o‘qituvchilari jalb qilinmoqda.
O‘quv seminarlarida ta’limning zamonaviy interaktiv texnik vositalari, elektron axborot-ta’lim resurslari va dars ishlanmalarini yaratishga mo‘ljallangan Grazy Talk Media Studio, Auto Play Media Studio, Camtasia, Abobe Flash dasturiy tizimlardan, MS Office dasturlari, Internet va internet resurslari hamda ta’lim jarayonida elektron axborot-ta’lim resurslaridan foydalanishga bag‘ishlangan asosiy tushunchalar berilib, eng so‘ngi kompyuter texnikalari orqali amaliy mashg‘ulotlar orqali olgan bilimlar mustahkamlanmoqda.
Loyiha tajriba sifatida shu yilning 11-13 may kunlari Toshkent shahar Yunusobod tumani 327-maktab negizida Toshkent shahridagi pedagog-o‘qituvchilarga tashkil etildi, uning yakuni tahlil qilinadi va olingan natijalar ijobiy samara bergan taqdirda respublikaning boshqa viloyatlarida ham davom ettiriladi.
Mazkur loyihaning yana bir muhim jihati unda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining aynan “Axborot ta’lim texnologiyalari” kafedrasi talabalari, ya’ni kelgusida AKT bo‘yicha pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi talabalar jalb qilingan. Seminarlarda faol ishtirok etgan va o‘z pedagogik mahoratini ko‘rsatgan iqtidorli talabalar tizimdagi ta’lim muassasalariga hamda Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markaziga hamkorlikka jalb qilinadilar.
Xalq ta’limi vazirligi
Axborot xizmati