Limonning biz bilmagan usulda qo‘llanilishi haqida
Limon mevasining shifobaxsh xususiyatlari haqida barcha o‘qigan, eshitgan. Ammo ushbu maqolada limon po‘stlog‘ining siz bilmagan jihatlari haqida so‘z yuritiladi. Zaminimiz issiqxonalarida yetishtiriladigan bu ajoyib mevaning foydali jihatlari haqida bugun ma’lumot beramiz. Limon po‘stlog‘i yordamida ko‘pgina ishlarni bajarsa bo‘lar ekan va bu bilan siz kimyoviy moddalarni ishlatishingizga sira ham hojat qolmaydi.
Tozalovchi choy
Limon po‘stlog‘ida mavjud bo‘lgan pectin moddasi va C vitamini jigar, ichak faoliyati va buyraklarning to‘g‘ri ishlashi uchun o‘ta muhim. Limon po‘stlog‘i tarkibidagi faol bug‘lovchi moddalar organizmdan zararli moddalarni chiqarishda va organizmga salbiy ta’sir etuvchi moddalardan himoya sifatida yaxshi choradir.
Choy tayyorlash uchun ikki dona limon po‘stlog‘i, 1 litr suv kerak bo‘ladi.
Qanday tayyorlanadi?
a) limon po‘stlog‘ini idishga solib, suv quying va uni past olovda qaynash holatiga kelgunicha gaz plitasiga qo‘ying. So‘ng damlamani 15 daqiqa dam oldiring.
b) damlamani sovutib kuniga uch mahal iste’mol qiling.
Xushbo‘y o‘simlik yog‘i
Salat, taomlaringiz xushbo‘y hid taratishi uchun, limon po‘stlog‘ini qirg‘ichdan o‘tkazib o‘simlik yog‘i qo‘shing.
Qanday tayyorlanadi? Buning uchun sizga ikki dona limon po‘stlog‘i va bir shisha zaytun moyi kerak bo‘ladi. Limon po‘stlog‘ini qirg‘ichdan o‘tkazib, zaytun moyiga qo‘shing va hovur olishi uchun bir necha kunga qo‘yib qo‘ying. Keyin taom tayyorlagan paytingizda undan ta’bga ko‘ra foydalaning.
Xushbo‘ylantiruvchi vosita
Bu sitrus mevasining kuchli hidi xona havosini tozalashda samarali vositadir.
Buning uchun bizga 2 dona limon po‘stlog‘i, yarim litr suv, quritilgan rozmarinning 3 dona shoxi va bir choy qoshiq vanilin ekstrakti kerak bo‘ladi.
Qanday tayyorlanadi? Limon po‘stlog‘i va rozmaringa suv quyib, o‘n daqiqa mobaynida qaynatamiz. Vanil qo‘shib yana 5 daqiqa qaynatamiz. Tayyor bo‘lgan qaynatmani suyuqlik purkagichga quying va kerakli xonaga sepib chiqing.
Manba: Sof.uz