Bolangiz nega tushkun kayfiyatda?

Yoxud oila xotirjamlik oshyoni bo‘lsin

 

Ko‘pgina shifokorlar va ota-onalar hamda pedagoglar uchun bolalar depressiyasi muhim muammolardan biriga aylanib bormoqda. Bu xastalik ko‘pincha kattalar e’tiboridan chetda qolgan, shuningdek, oilada yashasada o‘zini yolg‘iz his etuvchi, ajrashgan ota-onalar qaramog‘idagi yoki ota-onasi vafot etgan bolalarda kuzatiladi.

Bolalarda ushbu dardning ma’lum bir belgilarini ajratish qiyin. Sababi birinchidan, noaniqlik, ikkinchidan, bolalar har doim ham o‘z hissiy kechinmalarini so‘zlab bera olmaydilar. Depressiyaning namoyon bo‘lishi turli yoshda turfa xil ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin. Kichik yoshdagi bolalarning ota-onalari odatda ularda ishtaha pasayishiga, har oyda tana vazning qo‘shilib borish o‘rniga uning kamayishi, bolaning injiqligiga va harakatlarining kamayganligiga e’tibor beradilar.

Kattalar tushkunlikka tushgan bolalar har doim ma’lum bir kasallik belgilaridan shikoyat qilishlariga e’tibor berishlari kerak. Ularning shikoyatlari yurak urib ketishi, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, uyqu buzilishi, bo‘shashish bilan kechuvchi tanadagi turli og‘riqlar haqida bo‘ladi. Bolaning tashqi qiyofasi juda toliqqan bo‘ladi. Kasallikning dastlabki oylarida (hattoki, yillarida) bolalar pediatr yoki jarroh nazoratida bo‘ladi. Tibbiy tahlillar natijasida biror jiddiy kasallikning tasdiqlanmasligi kichkintoy holati haqida kattalarning beparvo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Aksincha undagi bu kayfiyat kattalarga bolada qandaydir emotsional buzilish borligi haqida belgi beradi.

 

Depressiya turli ko‘rinishda kechib, uning o‘ziga xos belgilari bir-biri bilan almashinib keladi yoki monoton, doimiy bitta shikoyat bilan chegaralanadi.

 

Ko‘p hollarda maktabgacha yoshdagi kichkintoylarning shikoyati qorin og‘rig‘i, kichik maktab yoshidagi bolalarda esa bosh og‘rig‘iga bo‘ladi. Ba’zi bolalar kasalliklarini davolab bo‘lmasligiga ishonadilar.

Ularning ayrimlarida kechki va tungi vaqtlarda kuchayuvchi xavotir va qo‘rquv holatini kuzatish mumkin. Bunday sababsiz va noaniq xavotir holati qisqa vaqt ichida tezda ma’lum sababga ega qo‘rquvga aylanadi. Kattalardan farqli ravishda bolalardagi depressiyada ular tomonidan bunga “kimdir aybdor” deb topiladi. Ko‘pincha farzandlar o‘zlaridagi bunday holatga ota – onalarini sababchi qilib ko‘rsatadi. Ular kattalarga noroziligini bildiradi. Ota – onalari uni yaxshi ko‘rishiga shubhalana boshlaydi. Kuniga bir necha marotaba “meni yaxshi ko‘rasizmi?” deya so‘rayveradi. Uni har qancha erkalab, tinchlantirgan taqdirda ham bola qisqa vaqtgina o‘zini yaxshi tutib, keyin yana tushkunlik kayfiyatga beriladi. Har xil usullarda kattalarning unga nisbatan bo‘lgan munosabatini tekshirib ko‘rishga harakat qiladi. Ota – onasining har qanday tanqidi, tanbehi norozilik, yig‘lash, baqirish va hatto, ba’zan o‘z joniga suiqasd qilish kabi o‘ziga xos xurujlarga sabab bo‘ladi.

Yana o‘qing:  GERANTOLOGIYa VA GERIATRIYa: DONISHMAND IBRAT MAKTABI

 

Maktab sari ilk qadamlar xavotiri

Bolalardagi depressiyaning erta belgilaridan biri bu maktabga moslasha olmaslikdir. Odatda bu holat asta-sekin rivojlanadi, fanlarni o‘zlashtirishdan qiynalish va ularning eslab qola olmaslik ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. O‘quvchi ko‘p vaqtini uy vazifalarini tayyorlashga sarflaydi. Biroq, qancha ko‘p o‘qimasin darslikni tushuna olmaydi. U uyda ko‘p marotaba takrorlab, yod olgan matnini doska oldida eslay olmaydi. U oddiy misollarni yecha olmaydi, hisobni chalkashtirib yuboradi. “Qancha harakat qilsam ham ikki olaman” deya tushkunlikka tushadi, yig‘laydi. Daftarlarini uyda esdan chiqarib qoldiradi, “hech narsani bilmayman, men yomon o‘quvchiman” deya o‘zini betartiblikda ayblaydi. Depressiyaga tushgan bola o‘qituvchilar ularni bilimsizliklari uchun yomon ko‘rishi, tengdoshlari ularni masxaralashi, xafa qilishi, o‘zlarining yoqimtoy emasliklarini va hatto, ota – ona ham oiladagi boshqa jigarlarini ko‘proq yaxshi ko‘rishini aytadi.

Bola harakatlarida ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Unga biror ish buyurilsa juda sekinlik bilan bajaradi. Uzoq vaqt kiyinadi, yugura olmaydi, tanaffus vaqtida tengdoshlari bilan o‘ynamaydi. Jismoniy tarbiya darslariga va sport seksiyalariga qatnashishni xohlamaydi.

Ushbu dardning tuzalishning ilk davrlarida bola barvaqt maktabga borishga so‘z beradi. U darsini tayyorlaydi. O‘quv qurollarini yig‘adi. Ertalab esa bergan va’dasini bajarishdan bosh tortadi yoki maktab eshigigacha borib, kirmay uyga qaytib keladi. Bunday bo‘lgani sababini aytib berolmaydi, barcha so‘rovlarga “qila olmayman”, “xohlamayman” deb javob beradi yoki yangi bahonalar o‘ylab topadi. Ta’til yoki bolaning kasalligi bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra maktabga borish muammosi ota – ona tomonidan muhokama qilinmagan vaqtlarda bola o‘zini yaxshi tutadi. U quvnoq ko‘rinadi. Bunday holat “maktab fobiyasi” deb atalib, 3-4 yilgacha davom etishi mumkin. Albatta o‘quvchiga alohida e’tibor berish va unga mehr ko‘rsatish kattalarning insoniy burchi ekanligini unutmaslik kerak. Zero, o‘zi haqida atrofidagilar g‘amxo‘rlik qilayotganini kichkintoy his etsa, u “o‘z qobig‘iga” o‘ralib qolmaydi.

 

O‘spirinlik – nozik davr

O‘smirlarda kuzatiluvchi depressiya yaqqol belgilari bilan ajralib turadi. O‘spirin yigit yoki qiz xafagarchilik, tushkunlik kayfiyatida o‘zini keraksizdek his etadi. Kasallikning namoyon bo‘lishi turli ko‘rinishda bo‘lib o‘smir loqayd yoki qo‘pol, faqat ba’zan o‘z sog‘lig‘i, tashqi ko‘rinishi haqidagina o‘ylaydigan xudbinga aylanadi. Uni mashg‘ulotlarga qatnashishga, dars tayyorlashga irodasi yetmaydi. Mashg‘ulotlarni o‘zlashtirish davomida yaxshi natijalarga erishmasligi o‘smirni bunday vaziyatdan qochishiga, darslarga qatnashmay qo‘yishiga, oraliq nazoratlarni o‘tkazib yuborishiga va nihoyat o‘quv dargohiga borishdan bosh tortishiga sabab bo‘ladi.

Yana o‘qing:  O‘SPIRINLIK – NOZIK DAVR

Ota-onalar, pedagoglar va sinfdoshlari o‘smir fe’l-atvoridagi o‘zgarishlarni va fanlarni o‘zlashtirishdan ortda qolayotgani sababini tushuntirib berolmaydilar. Ba’zan bu holatni yalqovlik, do‘sti bilan kelisha olmagani yoki yomon guruhlar ta’siri deya baholaydilar. Odatda kattalar bunday yoshlarga nisbatan turli talablar qo‘yish, ularni jazolash, keskin choralar qo‘llashni boshlashadi.

Qattiq nazorat ostidagi o‘smir har qanday tanbehga qo‘pollik, keskinlik, ba’zan tajovuzkorlik bilan javob qaytaradi. U borgan sari hech kim bilan chiqisha olmaydi. Muloqotga kirishishga qiynaladi. Oila a’zolaridan o‘z holatini berkitadi. Hech kim bilan gaplashishni istamaydi va o‘spiringa ta’sir o‘tkaza oladigan oila a’zosidan qochishga, u bilan to‘qnashmaslikka harakat qiladi.

Ota-onalar oilada har bir farzandining o‘ziga xos fe’l-atvorga ega ekanligini inobatga olib ularga indivudial yondoshishlari zarur.

 

Depressiya qanday kechadi?

Qisqa vaqt va tez kechuvchi depressiya bolalik davrida kamdan kam uchraydi. Odatda tushkunlik 1-3 oydan 1 yilgacha va undan ortiq vaqt davom etadi. Bunda depressiya belgilarining jadalligi o‘zgaruvchan bo‘lib, oilaviy sharoit va bolaning jismoniy holatiga ham bog‘liq.

Depressiyani boshidan kechirayotgan bolalarga maqsadli yondoshuvning birinchi sharti kasallikni tasniflash va unga to‘g‘ri tashxis qo‘yishdir. Ota – ona va bola munosabatlarining yomonlashuvi, uning hissiyotlariga befarqlik, keskin choralar ko‘rish faqat bemorga zarar keltiradi. Uni majburlash yoki aksincha bolani tengdoshlaridan ajratib qo‘yish, mashg‘ulotlardan sababsiz ozod qilish ham tushkunlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Agar depressiya yengil ko‘rinishda kechayotgan bo‘lsa, u o‘z-o‘zidan mutaxassis aralashuvisiz o‘tib ketishi mumkin. Asosan bolaning ruhiy xolatiga e’tibor berish lozim. Uning o‘zi ruhiy buzilishga shikoyat qilmaydi. Odatda so‘rab-surishtirilganda ham kichkintoy o‘zini nima qiynayotganini aniq aytib berolmaydi. Ba’zan esa tashqi sabablarni aytgan holda tushuntirishga harakat qiladi. Bu esa kattalardan e’tiborli bo‘lishni talab etadi.

Agar boladagi bunday holat va tushkun kayfiyat ikki haftadan ortiq davom etsa va sababi aniq va tabiiy bo‘lgan taqdirda ham shifokorga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Ba’zan bunday holatlar ortida jiddiy kasallik yashiringan bo‘lib, medikamentoz davoni talab etadi. Ota-onalar va pedagoglar shuni esda tutishlari kerakki, bolaga qancha erta yordam berilsa, uning bunday holatdan chiqishi oson kechadi. Shuningdek, yomon oqibatlarning oldi barvaqt olinadi. Kasallikni qanday qilib erta aniqlash mumkin? Nima uchun bunday salbiy holat kelib chiqdi? Xastalikning surunkali shakliga o‘tib ketishini qanday to‘xtatish mumkin? Bu savollarga javob topishda bolaning yoshiga ahamiyat berish zarur.

Yana o‘qing:  ORGANIZMDA KALSIY YeTISHMASA

 

Yoqutxon MAJIDOVA,

ToshPTI Nevrologiya,

bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika kafedrasi mudiri, professor,

Saodat BOZOROVA,

magistrant

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: