Chiqindidan eksportbop mahsulot yoxud “ish bilganga ming tanga” naqlining hayotiyligi xususida
Salomatlik – eng katta boylik. Agar inson sog‘lom bo‘lsa, u nafaqat o‘z oilasiga, balki jamiyatga ham foyda keltiradi. Ma’nan va jismonan sog‘lom insongina yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi.
Mustaqil mamlakatimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar qatorida sog‘liqni saqlash tizimida tub yangilanishlar amalga oshirildi. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar sohadagi ishlarning sifat va samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Jumladan, tibbiyot maskanlari faoliyatini zamon talablari darajasida yo‘lga qo‘yish, sohaga ilg‘or texnologiyalar olib kirish, tibbiy asbob-anjomlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga imtiyozlar berish bo‘yicha olib borilayotgan ibratli ishlar aholining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini ta’minlamoqda.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Medikot” qo‘shma korxonasi ham olib borilayotgan izchil islohotlar tufayli qisqa vaqt ichida e’tiborga molik yutuqlarga erishdi. 2009 yilda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan korxona tibbiy momiq (vata) va paxta sellyulozasi ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘ygan edi. Tizimga malakali mutaxassislarning jalb etilishi, ishchilarga shart-sharoitlarning yaratilishi, qolaversa, xomashyo tozalash va tayyorlash, oqartuv va quritish sexlarining xorijdan keltirilgan zamonaviy dastgohlar bilan ta’minlanishi tufayli korxonada sifatli mahsulot ishlab chiqarilib, xorij davlatlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi.
Ayni paytda 120 nafar ishchi-xizmatchi faoliyat yuritayotgan qo‘shma korxona jamoasining 70 foizini yoshlar tashkil etadi. Quvonarlisi, muassasa faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Korxonada intizom, ishga mas’uliyat bilan yondashish, texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifat va samaradorligiga ahamiyat qaratish muhim o‘rin tutadi.
– Korxonamiz uchun asosan “O‘zpaxtasanoat” va “Paxtaeksport” aksionerlik jamiyatlari va boshqa korxonalar bilan shartnoma asosida past navli, ishlatishga yaroqsiz bo‘lgan paxta xomashyosini sotib olamiz. Olingan mahsulot zamonaviy texnologiyalar yordamida sexlarda mexanik hamda kimyoviy tozalash, quritish jarayonlaridan o‘tgach, zichlanib, ikkita saqlash omborlariga joylanadi, – deydi qo‘shma korxona ish yurituvchisi, malakali mutaxassis Rustam Ergashev. – Ishlab chiqarilgan mahsulotlarimiz Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Bolgariya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
Hamjihatlik, fidoyilikni o‘ziga shior qilib olgan ishchi-xodimlarimizning sermahsul va samarali mehnatlari maqtovga loyiq. Jumladan, texnika xavfsizligi bo‘yicha mas’ul xodim Muxtor Mirzamuhammedov, malakali ishchi-xodimlardan Anvar Ne’matov, O‘ktam Ahmedov, Rifat Abdulin, Yelena Yakovleva, Yelena Rayder, Veronika Xalilova, Shahnoza Malikova, O‘ktam Ro‘ziyevlar kasbdoshlariga har tomonlama ibrat bo‘lmoqdalar.
Bugungi kunda korxonada har oyda 400 tonna sifatsiz paxta mahsuloti qayta ishlanib, undan 200 tonna tibbiy momiq va paxta sellyulozasi ishlab chiqarilmoqda.
Muassasada yillik ishlab chiqarishning umumiy hajmi 5 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 2 ming tonnasi paxtali sellyuloza, 1,5 ming tonnasi oqartirilgan gigroskopik paxta hamda 1,5 ming tonnasi kiyim-kechak uchun paxta ishlab chiqarishdan iborat.
E’tiborga molik tomoni shundaki, ishlab chiqarilgan mahsulotning 10 foizi mamlakatimizdagi korxonalarga sotilsa, 90 foizi xorij davlatlariga eksport qilinmoqda.
O‘tgan yilning oxirgi kvartalida korxona 350 ming dollarlik mahsulotni xorij davlatlariga eksport qilishga erishgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi kvartalida bu ko‘rsatkich 500 ming dollarga yetdi.
Yuksak marralarni ko‘zlab mehnat qilayotgan qo‘shma korxona rahbariyati ishlab chiqarish ko‘lamini yanada oshirish, qo‘shimcha yer maydoni olib, u yerga yangi ob’yekt qurish va qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish maqsadida bankdan 3 milliard so‘m miqdorida kredit olishni rejalashtirgan. Muhimi, korxona joriy yilning oxirigacha xorij davlatlariga 2 million dollarlik mahsulotni eksport qilish niyatida.
Muassasada ish ikki smenada tashkil etilib, xodimlar 4 mahal issiq ovqat, maxsus kiyim-bosh, changdan himoya qiluvchi niqoblar bilan ta’minlangan.
Maryam AHMEDOVA
® Reklama huquqi asosida