Keksalik saodati

Tongning musaffo iliq havosi hovli uzra taralib, rayhonlarning atrini yon-atrofga sochishga ulgurdi. Peshayvonda polapon ochishga taraddudlanayotgan qaldirg‘ochning chug‘uri 87 yoshni qarshilagan Yoqub boboning e’tiborini o‘ziga tortdi.

Ota har bahor yo‘qlashni kanda qilmaydigan uzoq yillik “qadrdon”ini kuzata turib, tinchlikning bebaho ne’mat ekanligini qalbdan anglaydi. Zero, ota urush, deya atalmish mudhish baloning zahrini totganlardan…

1941 yillar edi. Urushning sovuq xabari hammayoqni ostin-ustun qilib yuborgan o‘sha pallalarda odamlar ko‘ngliga hech bir iliq so‘z taskin bermaydi. Endigina 20 yoshni qarshilagan Yoqubjonning qismatiga ham hamqishloqlari qatori yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun jang qilishdek sharafli vazifa bitildi. Uzoq safar oldidan Salomat ona o‘g‘liga bir so‘z ham ayta olmadi. Zo‘r bazo‘r “Yaratgangan omonatsan, bolam! Bag‘rimga eson-omon qaytgin”, deya oldi xolos.

Qismat ilm olishga ixlosmand, bir olam orzular ila ulg‘ayib kelayotgan navqiron yigitchaning qo‘liga kitob o‘rniga qurol tutqazdi. Jangohlardagi tinimsiz snaryadlarning gumbirlashi-yu, daydi o‘qlarning ko‘z oldidan vizillab o‘tishi, uni vahimaga solardi. Jang maydonida Yoqubjon ming o‘lib ming tirildi. Ko‘plab safdoshlari qonli kechgan sarhadlardan tirik qaytmadi. Nom nishonsiz ketgan askarlar oz bo‘ldi, deysizmi!?

…Yoqub bobo umrining qora kunlarini yodga olarkan, oradan necha yillar o‘tsa-da, uning asorati jismida simillab azob beradi. Urush otaning bir ko‘zini ko‘rish baxtidan judo etdi. O‘ng qo‘li-yu oyog‘iga tekkan o‘q tufayli yarimjon bo‘lib qoldi. Ammo bobo tanasida kechgan og‘riqlari haqida shu vaqtga qadar yaqinlariga biror marta bo‘lsa ham nolimadi. Turmush o‘rtog‘i Lola ayani ham ko‘p bezovta qilmadi. Chunki bu og‘riqlar uning qalbidagi jarohat oldida hech qanday qiymatga ega emasdi.

Jangga ketgan 20 nafar qishloqdosh yigitlardan hech biri ortga qaytmadi. Turli suhbatlarda otaxon o‘sha safdoshlarini ko‘p xotirlaydi. Tinchlikning nechog‘lik qadrli ekanligini farzandlariga, nabiralariga uqtirishdan sira charchamaydi.

Yoqub boboning nomini hozirda nafaqat Jizzax shahrida, balki viloyatda ham chuqur hurmat bilan tilga olishadi. Keksalik hikmatning boshi deganlaridek, uning purma’no so‘zlaridan bahra olish, hayotiy tajribalarini o‘rganish niyatida huzuriga oshiqqanlarning keti uzilmaydi. Yoqub bobo va Lola aya xonadoniga kelgan mehmonlarni hamisha ochiq chehra ila qarshi olishadi. Yaqinda viloyatning mutassaddi vakillari ham sovg‘a-salomlar bilan boboni yo‘qlab kelishdi.

Yana o‘qing:  Bog‘cha tarbiyachilari va xodimlari qayta tayyorlash kurslariga jalb etiladi

Biz bu nuroniy otaxonu onaxon bilan suhbatlashganimizda har ikkisining so‘zlarida xotirjamlikni his etdik. Qismat bobo va ayaning taqdiriga nechog‘lik og‘ir kunlarni bitgan bo‘lmasin ular peshonasidagi yozg‘iridan behad mamnun ekanligi yuz ko‘zidan aks etib turardi.

Yoqub bobo bilan Lola aya olti o‘g‘il, to‘qqiz qiz, jami o‘n besh nafar farzandni oq yuvib, oq tarab, halol rizq bilan voyaga yetkazdi. Farzandlar ham ota-ona nomiga dog‘ tushirmadi. Hozirda ular 66 nevara, 142 evara, 13 nafar chevaralar davrasida keksalik gashtini surishmoqda.

 

Ma’rifat TOLIPOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: