BAG‘RI BAHOR NURAFSHON ShAHAR
Sahar-la uyg‘ondim. Tong kelinchakdek oppoq harir libos kiygan. Uylar, daraxtlar nafis kelinchakning etaklarini tavof qilgan holda birma-bir mudroq ko‘zlarini ochishardi.
Kechagi charchoqlari arigan, nonushta qilgan umr yo‘ldoshim ishga borish uchun ko‘cha eshigidan tashqariga chiqdi. Ortidan “Xayr, yaxshi borib keling” dedim. Kamgap adasi har galgidek biroz jilmaygan ko‘yi boshini qimirlatib qo‘ydi. So‘ngra derazadan qaradim. Xo‘jayinim katta-katta qadam tashlagancha ildam yurib ketardi.
Farzandlarimning xonasiga kirdim. Ular biram mazza qilib uxlab yotishardiki… Bir muddat uyg‘otishga ko‘zim qiymay tikilib qoldim. Ammo, bugun bajarilishi shart bo‘lgan ishlar xayolimdan o‘tdi. Uyg‘otishga qaror qildim. “Bolajonlar, turinglar tong otdi.” Ular birma-bir uyquli ko‘zlarini ishqalab, obdon kerishib, yarim yumuq ko‘zlarini ochishga erinishgan ko‘yi savol berishdi. “Oyijon, yaxshi yotib turdingizmi? Bugun nima ishlar qilamiz? Bizni qayerga olib borasiz?”
“Bugun suzishga, taekvon-doga borishlaring kerak. Keyin… shaharni aylanamiz. Teleminoraga olib chiqaman”.Farzandlarimning uyqusi birdan qochdi. Ko‘zlari katta-katta bo‘lib o‘rinlaridan yugurib turishdi. “Urre-e, urre-e, bugun ham mazza qilarkanmiz! Yashasin oyimiz! Bizning oyimiz dunyodagi eng yaxshi oyi!” deyishganicha yuz-ko‘zlarimdan talashib o‘pishdi. So‘ngra vannaga qarab yugurishdi. Ularning talashib-tortishib “Men birinchi yuvinaman, kichkinalar birinchi yuvinishi kerak” qabilidagi so‘zlarini jilmayib tinglagancha o‘rinlarini tartibga keltira boshladim.
Nonushtadan so‘ng kerakli anjomlarimizni sumkalarimizga soldik. Yo‘lga tushdik. Uchtepa tumanidagi 296-maktabning sport zaliga kirib bordik. Zal turli yoshdagi bolalar bilan to‘la. Ular ikki guruhga bo‘linishib futbol o‘ynashardi. Kimdir baland shiftga osilgan arqonga chiqar, kimdir qipiq to‘ldirilgan qopni tinmay tepar, yana kimdir kecha o‘rgangan mashqini qaytarardi.
Hushtak chalindi. Barcha bolalar bir qatorga tizilishdi. Yugurisha boshlashdi. Bu yerdagi taekvon-do sport to‘garagiga 1-DAN qora belbog‘ sohibi Boris Kim rahbarlik qiladi. Boris Kimning turmush o‘rtog‘i Dasha ham taekvondo bo‘yicha 1-DAN qora belbog‘ sohibi. Ularning farzandlari ham turli xil nufuzli musobaqalar g‘olibi bo‘lib kelishmoqda. Bu oilaviy sportchilarga ko‘pchilik havas qilishadi.
Bolalarning mashqlarini kuzata turib mening ham bolalik xotiralarim uyg‘onib ketdi. O‘sha shirin xotiralar xayoli bilan bo‘lib to‘garak mashg‘uloti tugaganini sezmay qolibman. U yerdan chiqib Toshkent viloyatining Zangiota tumani Eshonguzar suv sporti majmuasiga qarab yo‘l oldik. Suv sporti majmuasining ochilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. 2011 yilning iyun oyidan boshlab ish boshlagan bu majmuaga bolalar va o‘smirlarning jonkuyar ustozi, Avazbek Mavlonov rahbarlik qiladi. Suzishni, sog‘lom bo‘lishni oldilariga maqsad qilib qo‘ygan bolalarga murabbiy G‘ayrat Mavlonov doimo bosh-qosh.
Bu suv havzasiga 14 yoshgacha bo‘lgan ikki yuz nafar bolalar, yuz nafarga yaqin kattalar qatnashadi.
Bolalar va o‘smirlar o‘sish yoshida bo‘lganligi uchun ularda ba’zan ayrim jismoniy nuqsonlar kuzatilgan. Vrachlarning maslahati bilan bu maskanga kelgan bolalar va o‘smirlar suzishga ham qatnashadi. Skolioz, ya’ni umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, yassi oyoqlik, yuqori nafas yo‘llari yurak-qon tomir tizimi faoliyatida xastaliklar mavjud bolalardan bir qanchasi butkul sog‘ayib ketganligidan bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan ustozlar nihoyatda mamnun.
Ochiq eshikdan katta suv havzasida qiyqirishib, kulishib xuddi baliqlardek suzishayotgan farzandlarimni kuzataman. Necha quloch otayotganlarni ichimda sanayman. Bir, ikki…o‘n sakkiz. Kechagi yutug‘idan ko‘ra bugungisi yaxshi. Demak, ular suzishni bir oy ichida yaxshi o‘rganib olishar ekan.
Ko‘nglimda o‘zimdan, farzandlarimdan mamnunlik hissi o‘tadi. Farzandlarimizga hukumatimiz tomonidan yaratilgan bundayin imkoniyatlar uchun, tinchlik va osoyishtalik, musaffo osmon-u toza havo, tiniq suv-u dilbar tabiatimiz, ularni ko‘rib turgan ko‘zlarim-u go‘zalligini his qilgan qalbimning borligi uchun dilimning tubida yana shukronalik hissi uyg‘onadi.
“Oyijon, qornim och qoldi. Oyijon, qornim ovqat so‘rayapti”. Xayolga berilib ketibman. Bolalarimning ovozi elas-elas eshitgandek bo‘ldi. Ularga qarab, qayerda ovqatlanamiz, dedim. Ikkalasi ham bir ovozdan
– Navoiy ko‘chasida joylashgan ishxonangiz yonidagi “Milliy taomlar” restoraniga boraylik, – deyishdi.
Ular oshxonaga “restoran”, deb nom qo‘yib olishgan. Uyimiz yonidan 36-yo‘nalishda qatnovchi “Gazel” rusumidagi mashinaga chiqib, orqa o‘rindig‘iga joylashdik. Har kuni ko‘rsam ham ko‘zlarim to‘ymaydigan yo‘lning ikki chetida qad rostlab turgan qo‘sh qavatli uylardan, katta va ozoda, odamlar bafurja va bemalol xarid qilib yurishgan Farhod dehqon bozoridan, ortimizdan xuddi yaqinlarimdek termulishib qarab qolishayotgan barglari to‘q yashil rangga kirgan daraxtlardan nigohim uzilmaydi. Ularga termulib turaverganim sari ko‘nglimdagi sog‘inch hissi yanada ortaveradi.
Salqingina metroga tushdik. Odamlar oqimiga qo‘shilib poyezdga chiqdik. Keksa-yu, yoshning, qiz-juvonlarning yuz-ko‘zlarida xotirjamlik. Ko‘nglida xotirjamlik bo‘lsa ishda unum, yutuq bo‘ladi. Imkoniyat, yutuq va unum bor joyda esa rivojlanish bor. Yuksalish bor joyda esa yangidan-yangi orzular, niyatlar tug‘iladi. O‘sha korxona, tashkilot, yurt gullab-yashnaydi. Insonlar yanada farovon va baxtli, saodatli umr kechirishadi. Bu so‘zlar ko‘p va xo‘p aytiladi. Ammo asl haqiqat ham shu.
Metro xo‘p ajoyib-da. Uzog‘ingizni yaqin, og‘iringizni yengil qiladigan ulovlarning eng yaxshisi. Qishda issiq, yozda esa salqingina. U poytaxtimizning javohiri, ko‘rki hisoblanadi.
Navbat avtobusda shahar aylanishga yetdi. Yengil mashinada shaharni tomosha qilish yaxshi. Ammo, o‘rindig‘ida o‘tirib, shahrimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan mahobatli va ko‘rkam imoratlarni, bog‘ va sayilgohlarni keng va ravon ko‘chalarni tomosha qilish yana ham maroqli. Bilimga chanqoq farzandlarimiz uchun bunyod etilgan va etilayotgan ilm maskanlari, sport majmualari kishining qalbida faxr-iftixor hissini uyg‘otadi.
Ufq alvon baxmal ko‘rpachasini to‘shadi. Kuni bilan sayr qilib charchagan quyosh ohistagina ko‘rpachaga yonboshladi. Asta-sekinlik bilan atrofga tun ro‘molini yoya boshladi. Turfa rangdagi chiroqlar yonib, atrofga o‘zgacha joziba, go‘zallik hadya qildi. Nihoyat teleminoraga chiqib Toshkentni tepadan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Liftdan chiqib, atrofga ko‘z tashladik. Shahar rang-barang chiroqlar og‘ushida yayrardi. Mo‘jiza ro‘y berib osmondagi mitti yulduzchalar yerga to‘kilib tushgandek go‘yo.
– Voy-bo‘y, shahar muncha chiroyli va sehrli! Xuddi ertakdagi mo‘jizali yurtga o‘xshar ekan, oyijon! Chiroqlarning ko‘pligini! Osmon to‘la yulduzlar! Shahrim to‘la yulduzlar! Hamma joyda yulduzlar. Bizlar yulduzlar makonidamiz.
Dilbar qizim ko‘zlarini katta-katta ochgancha, qo‘llari bilan tutqichdan ushlaganicha tepadan shaharga shu qadar mahliyo bo‘lib termulardi. Uning shu turishi qanot chiqarib, uchmoqqa shaylangan qushchaga o‘xshardi.
– Qushchadek uchib shaharning hamma joyini tomosha qilging kelyaptimi? – deb so‘rayman undan.
– Ha, oyijon juda xohlayapman.
– Nega shahar faqat seniki bo‘lar ekan?! Bu mening ham shahrim – deya suhbatimizga qo‘shiladi o‘g‘lim.
Muhammadjon o‘g‘lim tunggi shaharga termuladi. Uning ko‘zlariga boqib o‘ylayman. “Ajab, uning qarashlari xuddi o‘zimnikiga o‘xshaydi-ya”.
Uzoq qishloqdan Toshkentga kelib o‘qib, ishlab qolgan ko‘p ijodkorlar tug‘ilib voyaga yetgan tumanini, qishlog‘ini sog‘inishadi. Kindik qoni to‘kilgan, bolaligi kechgan qishlog‘iga borib qolgudek bo‘lsa oylab qolib ketishadi.
Ammo men uch kungina zo‘rg‘a chidayman. Ko‘z o‘ngimdan Toshkentimning keng va ravon ko‘chalari, baland uylari, bog‘ va sayilgohlari, kinoteatr va muzeylari xullas, ko‘zim nimaga tushgan bo‘lsa barchasi birma-bir ko‘z o‘ngimdan tinimsiz kino lentasiday o‘taveradi.
– Bolalarim, Toshkent mening ham shahrim, yurtim! Uni sizlar kabi men ham juda yaxshi ko‘raman! Toshkentga kelmasimdan avval uni yaxshi ko‘rardim. Uni ko‘rishni, uning bag‘rida ilm olishni, orzularim, niyatlarimga u sabab yetishishni shu qadar istar edimki, hozirda ham bag‘rida bo‘lsam ham sog‘inaveraman.
Bolalarim ajablanishib yuz-ko‘zlarimga termulishadi. Jajji qalblaridan bir dunyo his, ongu shuurlaridan qator savollar o‘tadi. Titrab chiqqan ovozim, nigohlarimdagi sog‘inch hissi, kipriklarimga ilinib turgan yosh tomchilari ularni savol berishdan qaytaradi.
Oygul Ubaydulla qizi