Ta’mi achchiq – shifosi shirin
Qoqio‘t – shifobaxsh o‘simlik. Yo‘l va ariq bo‘yida, adirlarda o‘suvchi bu chechak erta bahorda gullab, ko‘zni quvnatadi. Biz ko‘pam e’tibor bermaydigan, qadriga yetmaydigan ushbu o‘simlik bir qancha kasalliklarga davo ekan.
Qoqio‘tning guli, bargi hamda ildizidan shifo vositasi sifatida tibbiyotda keng foydalaniladi. Uning ildizi tarkibida achchiq glikozidlar, tarakserol birikmalari va boshqa moddalar borligi aniqlangan. Shuningdek, ildizi o‘t haydovchi, ishtahani ochuvchi va me’da kasalliklarida ishlatiladigan yig‘ma choylar tarkibiga kiradi.
Qadimgilar ham bu o‘simlikni turli kasalliklarga davo deb bilishgan. Xususan, Abu Ali ibn Sino uni jigar va istisqo kasalligiga qarshi qo‘llagan. Xalq tabobatida esa ildizi va yer ustki qismidan tayyorlangan damlama jigar va o‘t pufagi xastaligida o‘t, siydik haydovchi hamda ishtahani ochuvchi, qonni tozalovchi vosita, shuningdek, surgi dori sifatida ishlatiladi. Damlamasi oshqozonda xlorid kislota yetishmasligi sababli rivojlanadigan gastrit, podagra va teri kasalliklarida eng yaxshi shifo vositasidir. Ba’zan damlamasi tinchlantiruvchi vosita o‘rnida ishlatilsa, yangi uzilgan qoqi bargining shirasi kamqonlik, quvvatsizlik va ko‘krak sohasi og‘rig‘ida eng yaxshi davo bo‘ladi. Undan tayyorlanadigan ko‘katli salat kishini tetiklashtirib, ishchanlik qobiliyatini oshiradi.
Bu shifobaxsh o‘simlikdan tayyorlangan preparatlar jigar kasalliklarida, ich qotishidan kelib chiqadigan anosid gastritni davolashda ishlatiladi. Buning uchun maydalangan qoqio‘t ildizining bir choy qoshig‘i bir stakan qaynagan suvga solib damlab qo‘yiladi va iliq holida ovqatdan 15 daqiqa oldin kuniga 2-3 marta ichiladi.
Fazilat SA’DULLAYEVA,
1-Respublika tibbiyot kolleji katta o‘qituvchisi