Aka

Bolalikni yodga olish yoqimli. Ko‘pincha ota-onamizdan bolalikda qanday bo‘lganimizni, odatlarimiz, yurish-turishimiz haqida qiziqib so‘raymiz. Ularni tinglab, yana o‘sha damlarga qaytgandek bo‘lamiz. Yillar o‘tib ulg‘aygach, hammamiz o‘z yo‘limizdan ketganimiz, turmush tashvishlari bilan andarmon bo‘lib qolganimizni anglaymiz. Biroq mehr rishtalari bizni hamisha o‘ziga tortaveradi.

Bir kun farzandlarim bilan qadrdon qishloqqa, akamnikiga mehmonga bordik. Aka-singil erta tonggacha miriqib suhbat qurdik. Bolagimizni, sho‘xliklarimizni esladik.

– Singlim, o‘shanda ovozing juda baland edi-da, – deydi akam. – Meni qidirish uchun ko‘chaga chiqib, “Aka, oyim chaqirayapti”, deganingni uch ko‘cha naridan eshitardim. O‘shanda rosa jig‘ibiyron bo‘lardim.

– Ha, esimda, – deyman. – Lekin “ha” degan ovozingizni eshitmaguncha men ham chaqiraverardim.

– Aytgancha, nega meni o‘rtoqlarim bilan o‘ynashimga qo‘ymasding. Har safar imkonini qilib, meni uyda qolishimga majbur qilarding. Qanday qilib buning uddasidan chiqqansan-a?

– Siz ketsangiz, men zerikib qolardim. O‘rtoqlaringiz sizni chaqirib kelishganida oyimga sekin shivirlab “oyi akamni jo‘natmang, ular hozir cho‘milgani anhorga borishadi” derdim. Shundan keyin ular sizni uyda qoldirardi. Men esa keyin siz bilan mazza qilib o‘ynardim.

Bu so‘zlarimdan so‘ng akam unga bo‘lgan mehrimni his etganday bo‘lib, meni bag‘riga bosadi. Shu lahzada ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilib, men ham akamning mehrini tuyaman.

Har gal qishloq tomon yo‘l olganimda bolalikda o‘tgan ko‘chalarni, jondan aziz akamning mehrini sog‘inib boraman…

 

Mayna HASANOVA

Yana o‘qing:  Kelajakda odamlar to‘p ustida harakatlanadi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: