Alla – qalbga singgan tuyg‘u

Yurtimizda Navro‘z bayrami shodiyonalari hali-hamon davom etayotgan bir pallada poytaxtimizning ma’naviyat go‘shalaridan biri bo‘lgan Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqiy teatrida “Ona allasida Vatan madhi” mavzusida alla ijrochilarining Respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Qalbimizga insonlarga bo‘lgan mehr-muhabbat, odamiylik xis-tuyg‘ulari onalarimizning bizga aytgan alla qo‘shig‘i ohanglaridan kirib kelgan desak, aslo adashmagan bo‘lamiz. Shuning uchun ham onalar muqaddasdir.

Biz onalar oldida doimo bosh egib ta’zim qilamiz. 2013 yil yurtimizda “Obod turmush yili” deb e’lon qilinishi ham bejiz emas. Chunki Oila bir kichik Vatan, oilalar tinchligi va obodligi avvalo onalar bilan mustahkam. Onalar sog‘lom bo‘lsa, sog‘lom farzandlar dunyoga keladi. Sog‘lom avlod kelajak poydevori, deyishimizning asl mohiyati ham ana shundan. Demak¸ jamiyat mustahkam – mamlakat barqaror degan insonparvar tamoyilni hayotimizda qaror toptirishda asosiy bir bosqich bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining “2010-2020 yillarda nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish, asrash, targ‘ib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi hamda “Kamolot” YOIH Markaziy Kengashining “Ona allasida Vatan madhi” mavzuida alla ijrochilarining Respublika ko‘rik-tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi Qo‘shma qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida, Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma’rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur tanlovni o‘tkazishdan maqsad, yosh oilalarga xalqimizning qadimiy qadriyatlari, urf-odatlari, udumlaridan biri bo‘lgan alla aytish san’atini o‘rgatish, mehrini oshirish, shuningdek, yo‘qolib borayotgan alla aytish san’atini chuqur o‘rganishdan iborat.

Ikki kun davom etgan san’at bellashuvida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 14 ta havaskorlik folklor-etnografik jamoalari o‘zbekona milliy qadriyatlar, ota-bobolarimizdan, momolarimizdan meros bo‘lib avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan udumlarimizni o‘z ichiga olgan beshik to‘yi, alla aytish, beshikka belash marosimlarini o‘ziga xos tarzda ko‘rsatib berishdi.

Hakamlar hay’ati a’zolarining qaroriga asosan Oliy o‘rin “Ona allasida Vatan madhi” mavzusining eng yaxshi talqini uchun Andijon viloyati Bo‘z tuman folklor jamoasiga, 1-o‘rin – Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Oq Mang‘it tonglari” folklor-etnografik xalq ansambliga, 2-o‘rin – Xorazm viloyati Urganch shahar madaniyat uyi qoshidagi folklor jamoasiga, 3-o‘rin – Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman Madaniyat saroyi qoshidagi “Yallama yorim” folklor jamoasiga berildi.

Yana o‘qing:  Shogirdlikning noyob gavhari

“Alla ijrosining o‘ziga xos xududiy talqini uchun” nominatsiyasi bo‘yicha Surxondaryo viloyati Sariosiyo tuman madaniyat uyi “Dashnabot anori” folklor jamoasi, “Urf-odat va marosimlarning eng yaxshi sahnaviy ifodasi uchun” Qashqadaryo viloyati yig‘ma folklor jamoasi, “Nomoddiy madaniy merosni targ‘ib etishdagi fidoyiligi uchun” Samarqand viloyati Toyloq tuman madaniyat uyi qoshidagi folklor-etnografik jamoasi taqdirlandi.

Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Farg‘ona, Jizzax, Buxoro va Toshkent viloyati ishtirokchilariga ta’sischilarning diplom, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: