Navqiron avlodning tashabbus va intilishlari ularni orzular sari yetaklaydi
Qarshida “Kamalak” bilimdonlari” respublika ko‘rik-tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
“Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy nufuzini oshirish, umumta’lim maktablari o‘quvchilarining bilimini boyitish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan tanlovning saralash bosqichlarida 70 mingdan ortiq 4-7-sinf o‘quvchilari bilimi sinovdan o‘tkazildi. Viloyat bosqichida 14 jamoaning 112 ishtirokchisi tanishuv, sahna ko‘rinishi, savol-javob va ijtimoiy loyiha shartlari bo‘yicha bahslashdi.
Koson tumanining “Tafakkur” jamoasi g‘olib, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi. Nishon tumanining “Kamalak yog‘dulari”, Yakkabog‘ tumanining “Istiqlol” jamoasi ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi.
O‘lmas BAROTOV,
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA