Yurt jamoli rassom nigohida
Go‘zal diyorimizning o‘xshashi yo‘q tabiat manzaralari, qadimiy shaharlarimizdagi asrlarga tengdosh obidalar, Zominning hushmanzara tabiati, Surxondaryoning tog‘li qishloqlari, fayzli hovli-joylar… Bularning bari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida ochilgan Vahob Ziyoevning shaxsiy ko‘rgazmasiga qo‘yilgan suratlarda ifodalangan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida barcha sohalar qatori tasviriy san’at vakillarining ham samarali ijod qilishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Ijodkorlarga ko‘rsatilayotgan betimsol g‘amxo‘rliklar V.Ziyoev faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Ijodkorning yurtimiz betakror manzaralarini aks ettirgan kartinalari mamlakatimizning turli muzey va galereyalaridan o‘rin olgan.
V.Ziyoevning musavvir sifatida shakllanishida Ch.Axmarov va boshqa ustoz-ijodkorlarning xizmati katta. Milliy an’ana va qadriyatlarimizga, ona-tabiatga, jonajon diyorimizga hurmat va ehtirom, hayotda uchraydigan har bir yorqin detalni bee’tibor qoldirmaslik, obod, fayzli, tinch va osoyishta hayotimizni rangin bo‘yoqlarda ifodalash V.Ziyoev ijodida asosiy o‘rin egallaydi.
– Ijodkor nigohi bilan suratda aks ettirilgan bunday lahzalar inson qalbiga ajib tuyg‘ular bag‘ishlab, ruhiyatini ko‘taradi, kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi, – deydi O‘zbekiston xalq rassomi Muborak Yo‘ldoshev. – Ko‘rgazmadagi asarlar, ayniqsa, Boysun qishloqlari, tog‘ odamlarining hayot tarzi, tarixiy obidalar yoshlar qalbida boy tariximiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, ona tabiatga muhabbat tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada rassomning “Boysun oqshomi”, “Dugonalar”, “Osoyishta osmon”, “Oltin kuz”, “Zomin tog‘lari”, “Tog‘dagi qishloq” kabi ellikka yaqin kartinasi tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
Sh.MAMATUROPOVA,
O‘zA muxbiri