Yalpiz – ko‘klam tuhfasi
Yurtimizga bahor o‘z sepini yoyishi bilan ariq va daryo bo‘ylarida yalpizning yam-yashil barglari ko‘kka bo‘y cho‘za boshlaydi. U insonlarga xush kayfiyat bag‘ishlash bilan birga, shifobaxshlik xususiyatiga ega.
Yorug‘lik va namsevar bu o‘simlik may-oktyabr oylariga borib gullaydi. Uning barglarida 2,5-3 foiz, gullarida 4-6 foiz, poyasida esa 0,3 foiz mentolga boy bo‘lgan efir moyi, flavonoidlar, vitaminlar va oshlovchi moddalar mavjud. Barglari va poyasidan olingan yalpiz moyi parfyumeriya, oziq-ovqat sanoati va tibbiyotda ishlatiladi. Yangi chiqqan barglaridan bahorda oshko‘k sifatida foydalaniladi. Tibbiyotda diareya (ich ketishi), ovqat hazm qilish faoliyatini yaxshilashda, asab faoliyatini mustahkamlashda, tomoq og‘rig‘ida, ko‘z o‘tkirligining pasayishida, revmatizmda qo‘llaniladi.
Yalpiz antiseptik ta’sirga ega. Shu bilan birgalikda u ishtaha ochuvchi, og‘riq qoldiruvchi va spazm(sanchiq)larga qarshi vosita sanaladi.
Abu Ali ibn Sino yalpiz bilan ichak og‘riqlarini davolagan. Uni bemorga ovqatni yaxshi hazm qilishiga ko‘mak beruvchi vosita sifatida tavsiya etgan.
Bu shifobaxsh giyoh me’dani mustahkamlaydi, hiqichoqni to‘xtatadi, ovqatning singishiga yordam beradi. Shuningdek, shilimshiqli va qon qusishni to‘xtadi, sariq(gepatit) kasalligiga foyda qiladi.
Yalpizli choy xalq tabobatida yurakni baquvvat qiladigan, kayfiyatni ko‘taradigan dori sifatida qo‘llanilgan. Bu giyoh chanqoqni, bosh va tish og‘rig‘ini qoldiradi.
Shifobaxsh choy tayyorlash uchun yarim litrli choynakka kichkina qoshiqda qora yoki ko‘k choy, to‘rt dona yalpiz bargi solinadi hamda ustidan qaynoq suv quyiladi. Unga asal va novvot solish ham mumkin.
Xurshida HUSENOVA