Foliy kislotasi organizm uchun qanday ahamiyatga ega?
Ushbu V9 vitamini manbai dukkaklilar, salat o‘simligi, ismaloqning yangi unib chiqqan sarxil barglari (agar o‘simlik bandlari qota boshlasa unda ko‘p miqdorda shovul kislotasi bo‘ladi.
Ushbu kislota buyrak-tosh kasalligi hamda bu a’zolarda ortiqcha tuz yig‘ilishiga sabab bo‘ladi), ko‘k barra piyoz, pishloq, yashil no‘xat, loviya, karam, qo‘ziqorin, jigar, buyrak, soya, qizil lavlagi, sabzi, kartoshka, tuxum, pomidor, tegirmondan yirik o‘tkazilgan qora kepakli un va undan tayyorlangan mahsulotlar, grechixa, suli, tariq yormasi, xamirturush kabi mahsulotlar hisoblanadi.
Foliy kislota V6 vitamini va V12 vitamini bilan birgalikda ko‘z kasalliklarining rivojlanishini 30 foizga kamaytiradi. Terining sog‘lom ko‘rinishida ham bu kislotaning organizmda o‘ziga xos o‘rni bor. Shuningdek, V9 vitamini, ya’ni foliy kislota pantoten hamda paraaminbenzoy kislotalari bilan birgalikda sochlarning barvaqt oqarishining oldini oladi. Ayniqsa, ayollarning homiladorlik davrida shifokor tavsiyasiga muvofiq uni qabul qilish zarur.
Tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borgan olimlarning fikriga ko‘ra bo‘lajak ona ginekolog tavsiyasiga ko‘ra zarur miqdorda foliy kislotasini qabul qilsa homilaning umurtqa pog‘onasi benuqson rivojlanar ekan.
Yana tug‘ilajak go‘dakning asab tizimi ham to‘g‘ri shakllanadi. Shuningdek, tug‘ruqdan keyin ba’zan yangi bo‘shangan ayollarda kuzatiladigan tushkunlik (depressiya) holatlarining oldini olishda ham V9 vitaminining ahamiyati katta deyishmoqda tadqiqotchi mutaxassislar. Haqli ravishda foliy kislotasi bejizga xotin-qizlar uchun muhim element deyilmaydi. Sababi bu kislota ayollar reproduktiv a’zolari faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Ayniqsa, qizlarning balog‘atga yetishida, ya’ni hayz siklining me’yorda kechishida foliy kislotasi muhim ahamiyatga ega. Yana o‘g‘il bolalarning er yigit bo‘lib yetilishida ham bu vitamin bevosita ishtirok etadi. Zero, o‘smirning ovozi do‘rillab, unda soqol-mo‘ylabning sabza urishi, shuningdek, yigitlarga xos boshqa tabiiy fiziologik ko‘rsatkichlar hamda unda nasl qoldirishga layoqatli o‘ta muhim hayotiy biokimyoviy jarayonlarning yuzaga kelishida foliy kislotasi o‘ziga xos o‘ringa ega.
Shu sababli ota-onalar, pedagog va shifokor-mutaxassislar xoh u o‘g‘il bola bo‘lsin, xoh u qiz bola balog‘at davrida o‘smirda qanday ruhiy, jismoniy o‘zgarishlar kechayotganidan bevosita boxabar bo‘lishlari zarur.
Organizmda ushbu darmondori yetarli bo‘lishi uchun tarkibida bu vitamin bo‘lgan turli-tuman oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish zarur. Ammo uning organizmga yetarli dozalarda tushishini ta’minlashning eng maqbul yo‘li bu uni shifokor tavsiyasiga ko‘ra hapdori ko‘rinishida qabul qilishdir.
GULSHIRIN