Farzandlarmiz uchun milliy kinofilmlar zarur

Xalqimiz hayotida, yoshlar va bolalar olamida har kun, har daqiqa o‘zgarishlar, yangilanishlar bo‘lib turibdi. Bu jarayonlarni diqqat bilan kuzatib, yutuq va kamchiliklarga ro‘y-rost munosabat bildirish har birimizning burchimizdir. Ayniqsa, yosh tomoshabinlarni tarbiyalashda, estetik didining shakllanishida, ular qalbida g‘urur, iftixor, vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishda, qolaversa, milliy qadriyat va an’analar kabi tushunchalarning paydo bo‘lishida sahnaga olib chiqilayotgan asarlarning ahamiyati hamda o‘rni beqiyos ekanini unutmaslik lozim. Bu borada, adabiyot namoyandalari, dramaturglar bolalar uchun badiiy jihatdan puxta, mazmunan teran, bugungi kun yoshlariga mos bo‘lgan zamonaviy mavzulardagi asarlar yaratishga e’tibor berishlari lozim.

Hozirda aynan bolalarbop kinofilmlar yetarli bo‘lmaganligi uchun ham bu mavzu dolzarbligicha qolmoqda. Zero, yosh avlodning texnologiyalar davrida yetuk inson bo‘lib kamol topishida tarbiyaviy ahamiyatga ega kinofilmlar juda zarur.  

 

BADIIY ASARLARDA ZAMON QAHRAMONI MASALASI

Erkin XUSHVAQTOV, dramaturg:

– Kundalik yumushlardan charchagan paytlarda madaniy hordiq olishni istaymiz. Har kim charchog‘ini turli yumushlar bilan chiqaradi. Kimdir kitob o‘qiydi, yana kimdir musiqa tinglaydi, kimdir esa televizor qarshisida o‘tirib qiziqarli ko‘rsatuvini yoki badiiy filmlarni tomosha qiladi. Tan olish kerakki, hozirda farzandlarimizning sevimli mashg‘ulotlaridan biri ham multfilm yoki qiziqarli bolalarbop kinofilmlarni tomosha qilishdir. Shunday vaqtlarda ular bilan birga xorij filmlarini kuzatar ekanman bunday badiiy ijod mahsullari har tomonlama bola ruhiyatiga ta’sir qilishini, o‘ziga torta olishini kuzataman. O‘ylab qolaman, nega endi telekanallarimizda milliy badiiy filmlar ozchilikni tashkil etadi. Nazarimda, bolalarimiz avvalo o‘zimizning milliy mentalitetimizga mos bo‘lgan, tarbiviy jihati yuksak, eng asosiysi, sifatli filmlarimizni tomosha qilib, ulg‘ayishi kerak. Nimaga deganda, xorij filmlarini ko‘rayotgan bola milliy filmlarimiz orasidagi mutanosiblikni istaymizmi, yo‘qmi farqlaydi, solishtiradi. Qarabsizki, o‘ziga har tomonlama torta olgan asarni tanlaydi.

Yana shuni ta’kidlash zarurki, bugungi kunda asarlarda zamon qahramoni yetishmaydi. Bolalar uchun xoh tarixiy, xoh zamonaviy mavzu bo‘lsin ibrat bo‘la oladigan qahramon juda-juda zarur. Negaki, bugun o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yosh kimgadir havas qilgisi, o‘xshagisi, o‘sha qahramon qiyofasida o‘zini ko‘rgisi keladi va bunga intiladi. Yoshlarning estetik didini shakllantirishda, tarbiyalashda, qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘ularini singdirishda, qolaversa, milliy istiqlol va milliy g‘oya, qadriyat hamda an’analar kabi tushunchalarning paydo bo‘lishida, bolalar dramaturgiyasining, adabiyotning va sahnaviy asarlarning o‘rni hamda ahamiyati beqiyos ekanini unutmaslik lozim. Bu borada, adabiyot namoyandalari, dramaturglar, bolalar yozuvchilari yoshlarimiz uchun, kelajak avlod uchun badiiy jihatdan puxta, mazmunan teran, ham zamonaviy, ham tarixiy mavzulardagi asarlarni yaratishga kirishishlari muhimdir.

Yana o‘qing:  M U Sh T I P A R

MALAKALI KINODRAMATURGLARNING YeTISHMASLIGI KATTA MUAMMO

Otabek MUSAYEV,

“O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktori:

Keyingi paytlarda kinofilm yaratishga mos badiiy asarlar tanqisligi yaqqol sezilmoqda. Oqibatda aksariyat kinoijodkorlar (rejissyor, aktyor, operatorlar) ning o‘zlari ssenariy yozib, film suratga olishmoqda. Lekin ular yaratgan asarlarning hammasi ham muvaffaqiyatli chiqayapti, deb bo‘lmaydi.

Ijodiy jarayonni to‘liq tashkil etish, yillik filmlar ishlab chiqarish hajmlarini bajarish uchun agentlik ssenariylar portfelida 35-40 ta asar bo‘lishi lozim. Ammo adabiy ssenariylar yetishmasligi doimiy ravishda muammo bo‘lmoqda. Malakali kinodramaturglarning kamligi katta muammo. Maxsus bilim, tajribaga ega ssenaristlar rus tilida qalam tebratib, milliylikdan yiroq asarlar yozishayotgani ham sir emas. O‘zbekiston san’at va madaniyat institutida kinodramaturg mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, ayrim hollarda kino sohasiga kirib kelayotgan rejissyor, operator, aktyorlar masalasining moddiy tarafini o‘ylab, xususiy studiyalarda faoliyat olib borishmoqda. Ular asosan tijorat filmlari yaratishga ixtisoslashgan bunda studiyalarda yengil-elpi, sayoz filmlar yaratish bilan band bo‘lib qolishmoqda. Oqibatda ularning iste’dodi ham so‘nib bormoqda. Buning oldini olish maqsadida yosh kinoijodkorlarning agentlik qoshidagi “5-studiya” yoshlar tajriba-ijodiy studiyasida “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnaliga jalb etish orqali ularning tajribasini orttirishga harakat qilinmoqda. Mana bir necha yildirki, ushbu hajviy kinojurnal muntazam ravishda suratga olinmoqda va telekanallar orqali namoyish etilmoqda. O‘tgan yili mazkur kinojurnalning 10 ta to‘plami (har birida 4-5 tadan syujet mavjud) suratga olinib, bolajonlarga taqdim etildi. Joriy yilda ham kinojurnalning 12 ta to‘plamini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

 

BOLALAR KINOSI UCHUN ALOHIDA KINOSTUDIYa ZARUR

Sarvar KARIMOV,

rejissyor:

– Agar o‘zbek kinosi tarixiga nazar tashlasak, bolalar mavzusidagi kinofilmlar sanoqligina. Aynan hozirgi kundan kelib chiqsak, buning sababi bolalar kinosi uchun alohida bir studiyaning yo‘qligidir. Birgina misol, xorijni olaylik, mashhur disney kabi studiyalar aynan bolalar mavzusidagi filmlarni suratga olish uchun xizmat qiladi. Shu bois ham ular yaratgan asarlar har tomonlama yuksak saviyaga ega.

Agar yurtimizda ham faqat bolalar kinosini ishlab chiqaradigan alohida kinostudiya faoliyat olib borsa va moddiy ta’minot ham alohida shunga qaratilsa, o‘ylaymanki, bu mavzuda samarali ijod qilinadi.  To‘g‘ri, “O‘zbekkino” Milliy agentligi doirasida bu mavzuga doim alohida e’tibor qaratiladi. Biroq bu bilan ham ijobiy natijaga erishilmayapti. Yana bir sabab esa bolalar ijodkorlarining yetishmasligida deb bilaman. Bu birgina bolalar mavzusiga doir emas, bizda umuman kinodramaturglarga ehtiyoj katta. Chunki, san’atga ixtisoslashgan oliygohlarimizda aynan kinodramaturglar yetishtirib chiqaradigan fakultetning o‘zi mavjud emas. Agar shunlday bo‘lsa, bu muammo o‘z yechimini topgan bo‘lar edi.

Yana o‘qing:  Odil soliq siyosati – taraqqiyot omili

Darhaqiqat, yuqorida aytib o‘tilgan fikrlar mazmuni bolalar kinosida yuz berayotgan muammoning tub mohiyatiga borib taqaladi. Chunki, bugungi kunda texnologiyalar asrida ulg‘ayayotgan bolalarimizga har tomonlama tarbiyaviy kinofilmlar juda zarur. Chunki, bugungi kun bolasiga birgina ota-onaning berayotgan tarbiyasi kamlik qiladi. Ularga atrofdagi jamiki voqea-hodisalarning, insonlarning ham ta’siri katta. Shunday ekan, farzandlarimizning yetuk inson bo‘lib voyaga yetishlarida avvalo, e’tiborning, yaxshi munosabatning o‘rni katta. Jumladan, bunda saviyali badiiy filmlarning namoyishi ham bolalarimiz hayotida katta o‘ringa ega ekanligini unutmasligimiz kerak.

 

Mayna Hasanova, yozib oldi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: