Odil soliq siyosati – taraqqiyot omili
Bugun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat byudjetini rejalashtirishda soliq siyosatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu bevosita iqtisodiyot barqarorligi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, mamlakatimizning joriy yilga mo‘ljallangan soliq siyosatida muhim o‘zgarishlar bo‘ldi.
O‘tgan yilda davlatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 7,8 foizdan kam bo‘lmagani aholi farovonligi oshib borayotganini anglatadi. Bunda, albatta, mamlakatimiz soliq siyosatidagi o‘zgarishlar, yangiliklar ham muhim omil bo‘lyapti. Mamlakatimizda sohaga oid xujjatlar, soliq yukini optimallashtirishga qaratilgan davlat dasturlari va boshqa bir qator chora-tadbirlar soliq siyosatining ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligini belgilaydi.
Masalan, 2016 yilda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ikkinchi pog‘onasi bo‘yicha yig‘im stavkasini 8,5 foizdan 7,5 foizgacha, o‘rta darajadagi daromadga ega bo‘lgan to‘lovchilar uchun soliq yuki 6,2 foizdan 5,5 foizgacha kamaydi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizgacha pasaydi. 2017 yilga kelib ushbu asosiy yig‘imlar stavkalarining saqlanib qolinishi makro iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sishiga xizmat qiladi.
Soliq yukini optimallashtirish masalasi deganda faqatgina yuridik yoki jismoniy shaxslarning manfaatlari tushunilmaydi. Balki ularga yaratilgan soliq imtiyozlari, qulay sharoitlar orqali mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishi, makro iqtisodiy natijalarining rivojlanishi ham ko‘zda tutiladi.
Sohada olib borilayotgan oqilona siyosat ishlab chiqarish, qurilish, xizmatlar sohasi va bir qator sohalar rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shadi.
Nazokat MAZGAROVA,
Torshkent arxitektura va qurilish instituti magistri