Xorijda kimlar davolanadi?

Germaniyalik shifokorlar yurtimiz bo‘ylab bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi.

Yurtimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilg‘or xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik amaliyotlariga keng o‘rin berilib, istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasida tuzilgan hamkorlik kelishuviga asosan ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan tibbiy ko‘riklar fikrimizning yorqin dalilidir.

Mazkur hujjatga muvofiq, nemis shifokorlari tug‘ma yurak nuqsoni bor, nogiron bemor bolalar salomatligini tiklashga amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Ayni paytda 35 nafar bemor bola Germaniya klinikalarida sog‘lomlashtirilmoqda.

Birinchi Prezidentimizning 2014 yil 1 avgustdagi “2014-2018 yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Kuni kecha germaniyalik shifokorlarning bir guruhi yurtimizga tashrif buyurdi. Ularning birinchi manzili Namangan va Farg‘ona viloyatilari bo‘ldi. Ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlarida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik davomida xorijlik mutaxassislar alohida tibbiy yordamga muhtoj bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Unga ko‘ra, tug‘ma nogiron va bemor bolalar tezkor davolash uchun saralab olindi. Harakat tayanch tizimining tug‘ma irsiy kasalliklari, jarohat asoratlari, ovqat hazm qilish tizimida tug‘ma nuqsoni bor va boshqa xastaliklar bo‘yicha jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezayotgan kam ta’minlangan oilalar farzandlari alohida ko‘rikka jalb qilindi.

– Bemor bolalar orasida urologik kasalliklarga chalinganlari ham bor, – deydi Farg‘ona viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi vrach-urologi Sulaymon Isoqjonov. – O‘tgan yili peshob yo‘li tizimida nuqsoni bo‘lgan 530 nafar bolani jarrohlik yo‘li bilan davolashga erishdik. Viloyatimizda bu sohada katta salohiyatga ega mutaxassis shifokorlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning muolajalari bilan kasallik asoratidan bir umrga xalos bo‘lgan bolalar ko‘p. Bugun germaniyalik hamkasblarimiz bilan bu borada tajriba almashdik.

Shundan so‘ng Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti mutaxassislari Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi bemor bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.Tibbiy-ijtimoiy markazda tug‘ma nuqsonli, kuyish va jarohat asoratlaridan aziyat chekayotgan bolalar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi, mutaxassislar tomonidan tavsiyalar berildi. Ularning ayrimlari Germaniya klinikalarida davolanadigan bo‘ldi.

Yana o‘qing:  JARROH ROBOT

Toshkent shahridagi 4-sonli SOS bolalar maxsus internati tarbiyalanuvchisi Shoxruh Nurmatov 11 yoshda. U yuz qismida og‘ir kuyish asoratidan aziyat chekadi.

– Ko‘rikka ikki nafar tarbiyalanuvchimizni olib keldik, – deydi Toshkent shahar 4-sonli SOS bolalar maxsus internati xamshirasi Matluba Haydarova. – Shoxruh Nurmatovga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida davolanishga tavsiya berildi. Skabliani Garbyanga Germaniyada davolashga yo‘llanma berildi. Buning uchun shifokorlardan minnatdormiz.

– O‘zbekiston aholi salomatligini muhofaza qilishga doimiy e’tibor qaratib, bu borada salmoqli yutuqlarga erishayotgan davlatlardan biridir, – deydi Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti direktori o‘rinbosari Kevin Daxlbruk. – Shu bois, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik biz uchun ham maqsadga muvofiq. Kelgusida bolalar salomatligini mustahkamlash borasidagi hamkorligimizni yanada kengaytirishni maqsad qilganmiz.

Mazkur xayriya aksiyasi mamlakatimizda aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy-tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlarning yana bir ifodasi bo‘ldi.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: