Nahorda ichilgan suvning xosiyati
Nahorda ichilgan sovuq suv yoki biroz shirin ta’mli ichimliklar, shuningdek sharbatlar ichak peristaltikasi (me’da-ichaklarning to‘lqinsimon harakati)ni kuchaytirib, ichni yumshatadi. Shuning uchun ham qabziyatdan azob chekuvchi kishilarga nahorda bir piyola suv yoki shirin sharbat ichish buyuriladi.
Yog‘li ovqatdan keyin ichilgan suv me’dada uzoq vaqt turib qoladi. Ko‘p suv ichilganda me’da yanada to‘lib, cho‘zilib ketadi. Natijada odam o‘zini noxush sezadi. Bundan tashqari, to‘lib ketgan me’da ichak harakatini kuchaytirib, ichni suradi. Shuning uchun yog‘li ovqatdan so‘ng suv ichish tavsiya etilmaydi. Ozishga harakat qilayotgan kishilar ovqatlanayotgan paytda suv ichmasliklari lozim.
Shuningdek, ho‘l mevalarni yegandan so‘ng ham darrov suv ichish mumkin emas. Chunki, bunda ich dam bo‘lishi mumkin.
Shuni yodda tutingki, issiq va iliq ichimliklar sovuq ichimliklarga nisbatan organizmga tez so‘rilib, tashnalikni qondiradi.