DSENM: Salomatlik yo‘lida sergak
Bahor kelib, kunlar isishi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi (DSENM) xodimlari zimmasiga joylarda sanitariya-epidemologiya nazoratini yanada kuchaytirish, umumiy va yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda inson salomatligini saqlash kabi mas’uliyatli vazifalarni yukladi.
Hamza tuman DSENMda faoliyat ko‘rsatayotgan 131 nafar mutaxassislarning 42 nafarini vrachlar, 67 nafarini o‘rta tibbiyot xodimlari tashkil etadi. Markazda yosh kadrlarni tayyorlashda tajribali mutaxassislar ishtirokida “Murabbiylar” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, mavjud 12 nafar yosh mutaxassislarga tajribali xodimlar amaliy va metodik yordam ko‘rsatib kelmoqda. Jamoamiz xodimlaridan G. Zokirova, G. Turopova, S. Ibragimova, K. Ishmuhammedova, D. Karimova, M. Tastemirova, D. Alimova kabi o‘z ishiga talabchan xodimlarning mehnati barchaga ibrat bo‘lmoqda.
Epidemiologiya bo‘limidagi o‘n uch nafar vrach-epidemiolog yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmokda. Epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash, o‘ta xavfli yuqumli va karantin kasalliklarining chetdan kirib kelishini va uning tarqalishining oldini olish, o‘tkir ichak kasalliklari, virusli gepatit, yuqori nafas yo‘llari infeksiyalarini kamaytirish, qizamiq eliminatsiyasi va tug‘ma qizilcha sindromi kasalligining oldini olishda yuqori natijalarga erishishga harakat qilmoqdalar.
Tuman sanitariya holatini yanada yaxshilash borasida mavze, mahalla va shox ko‘chalar, xiyobonlar, bozor, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarda tozalash ishlari amalga oshirildi. Ko‘p qavatli va xususiy uylar atrofida hamda irrigatsiya tarmoqlarida sifatli tozalash ishlar olib borilmaganlik uchun fuqarolar hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xodimlariga tegishli tartibda jarimalar solindi.
Toshkent shahri bo‘yicha suv toshqini xavfining oldini olishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror ijrosini ta’minlash borasida tuman hududidan oqib o‘tuvchi Baratxo‘ja, “Tolariq”, “Qorasuv” kanallari bo‘yida tekshiruvlar o‘tkazilganda 27 ta noqonuniy qurilmalar (molxona, tovuqxona, hojatxona va oqava suv quvurlari) aniqlanib, mazkur qurilmalar buzdirildi.
Aholi salomatligini saqlash, hududlar tozaligini saqlash borasida “Aviasozlar”dehqon bozori OAJ va uning shaxobchalari hududidagi meva-sabzavot rastalarida joriy ta’mirlash, tozalash ishlari o‘tkazildi. Bozor hududidagi favvoralar va meva yuvish moslamalari qayta ta’mirlandi. Dehqonchilik mahsulotlarini saqlash uchun bozor omborlarida doimiy tozalash ishlari o‘tkazish ta’minlandi. Bozor xodimlari yangi maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanib, yil davomida umumiy tozalash ishlari tashkil etildi. To‘rtta umumiy ovqatlanish shaxobchalariga sanitariya-gigiyena tavsiyanomalari berilgan holda hudud va uning tashqarisida, Sivets ko‘chasidagi noqonuniy o‘rnatilgan peshtaxta va soyabonlar olinib, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari savdosi taqiqlandi.
Umumta’lim maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalar, kollej va litseylarning sanitariya, texnik holati, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarni bajarilishi doimiy nazoratga olingan holda tekshirishlar o‘tkazilmoqda va laboratoriya tahlillari, MTM muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi, oshxonalar holati nazorat qilinmoqda.
Ayni paytda tuman hokimligi qoshidagi epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasi bilan birgalikda dolzarb muammolar – qo‘shni davlatlardagi hayvon va odamlar uchun xavfli bo‘lgan o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar holati, ularning yurtimizda tarqalishining oldini olish borasida bir qancha ishlar olib borilmoqda.
Maqsadimiz esa inson salomatligini saqlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, bozorlardagi sanitariya-gigiyena holatlarini doimiy nazorat qilishdir.
Bekzod ADILOV,
Hamza tumani DSENM bosh shifokori