Sheriklik oshi

(Hangoma o‘rnida)

Boshni boshga qo‘yib

ikki hamsoya

tadbir tuzdi,

yo‘lin topdi nihoyat.

Moddiy ta’minotni

oshirmoq uchun

o‘rtaga tashladi

hamkorlik kuchin.

Kelishuv naqd bo‘ldi,

xayru xushomad.

Ikkiga bo‘linar

mo‘may daromad.

Reja maromiga kelib

xatlandi.

Azon ikki qo‘shni

bozor otlandi.

Yo‘lni yaqin qildi,

shirin xayol, o‘y.

Biri qo‘chqor sotdi,

biri sotdi qo‘y.

So‘ng bozor aylanib

ikkala shovvoz,

pulni jamlab oldi

ozg‘in bir novvos.

Niyat ezgu bo‘lsa,

qilsang harakat,

Chorvaning ishida

bordir baraka.

Ikki xonadonning

ul-bul chiqini,

Moyga to‘ldiradi

bir mol biqinin.

Ana qarabsizki,

hafta, oy o‘tib,

teriga sig‘maydi

buqaning eti.

Novvosga bir zumda

yotoq bo‘ldi shay.

Katta yong‘oq osti

hammaga qulay.

Nazardan panada

hovli etagi.

Birov ko‘z tashlamas

jo‘rttaga.

Xullas, kunlar asta

o‘ta boshladi.

Ikki qo‘shni intiq

kuta boshladi.

Axir hayot boshqa,

boshqadir xayol.

Bir molni boqish ham

keladi malol.

Qancha vajga sabab

bo‘ldi jonivor.

Necha bor suvsiz, och

qoldi jonivor.

Bir kun bechoraning

paymoni to‘ldi.

Ho‘kiz sansolarlik

qurboni bo‘ldi.

Xayriyat, halollab

oldi etini.

Qo‘shnilar janjalga

qoldi betinim.

To‘rt tuyoq ikkitadan

tushdiyu rosa,

Bir kalla, bir dumdan

qochdi murosa.

Oxir arraladi

tumshug‘idan so‘ng,

Ikkiga bo‘lindi

hatto arqon, go‘ng.

Ochildi ming yillik

“qaydlar kitobi”.

Eski jarohatlar,

dardlar kitobi.

Aytilmay qolmadi

bitta gina ham.

Beiz bo‘lib ketgan

ipu igna ham.

Quyosh botar bitdi

dahanaki jang.

Hamma uy-uyiga ketdi

holi tang.

So‘ng ikki hovlida

qarsillab o‘tin,

olov lovulladi,

burqsidi tutun.

Ikki doshqozonda

bir ho‘kiz boshi:

Ammo tatimadi

sheriklik oshi.

 

Faxriddin HAYIT

Yana o‘qing:  UKAJONIM

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: