Kulgi san’ati
Qishloqning eski guzari yana jonlandi. Bu yerga kayvoni otaxonlaru, erkaklar yig‘ilishadi. Sovuq qishning zahri chekingan iliq bahor kunlarida diydorga yetkazganiga shukrlar aytib, do‘stu birodarlar bir-biriga hazil ila so‘z qotishadi.
Kimningdir hangomasi davrada yengil kulgiga sabab bo‘ladi. Yana kimningdir hazili tagida esa biroz “zili” bor.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodining ommalashgan janri askiyadir. O‘tmishda ajdodlarimiz bozorlarda, choyxonalarda, to‘y-hasham va mahalla guzarlarida yig‘ilganda hazil-mutoyiba bilan davrani qizitganlar. O‘zbek qiziqchilik san’ati maktabining tarixi juda uzoqqa borib taqalishi ham shundan aslida. Bu haqda hattoki, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Xondamirlar ham o‘z asarlarida ma’lumotlar berishgan.
Shunisi e’tiborliki, askiya jahondagi biror bir xalq og‘zaki ijodida uchramaydi. Boshqa ellarda bu janrning yo‘qligini esa, asosan, o‘zbek tilidagi so‘z boyligi bilan izohlash o‘rinlidir.
Shu sababli bo‘lsa kerak YUNESKOning 2014 yil 27 noyabrda Parijdagi to‘qqizinchi sessiyasida o‘zbek askiya san’ati insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
– Askiya ijrochidan yuksak bilim va ko‘nikma talab etadi, – deydi taniqli so‘z ustasi Valijon Shamsiyev. – Shu bois, askiya paytida kimdir kuladi, kimdir gap nima haqida borayotganini anglay olmaydi. Bu janrning bosh maqsadi so‘z o‘yini orqali kulgi hosil qilishdir. Biror bir sohani askiya qilishdan avval, uni chuqur o‘rganish lozim. Agar raqibning bilimi yetarli bo‘lmay, aytilgan gapga tezkorlik bilan kerakli javobni qaytara olmas ekan, u holda mag‘lub bo‘lgan hisoblanadi.
Darhaqiqat, askiyachilar mavzu doirasidan chetga chiqmaydilar. Unda an’anaviy payrovlar bo‘lmish “O‘xshatdim”, “Bo‘lasizmi?”, “Gulmisiz, rayhonmisiz?”, “Bedana”, “Xavsana”, “Qofiya”, “Bilganlar, bilmaganlar”, zamonaviy mavzular “Paxta”, “Oila”, “Kino”, “Dorbozlik”, “Ashula”, “Futbol” va hokazolar o‘rin olgan.
Askiyachining mahorati, avvalo, tinglovchilar oldida namoyon bo‘ladi. Bu janr badiiy adabiyotning drama yo‘nalishiga mansub. Binobarin, askiyani o‘tkazish bahosi, uning yozma matni bilan emas, jonli ijrosi bilan belgilanadi. Shuning uchun ushbu janr haqida fikr yuritganda, askiyachilarning mavzuni to‘g‘ri tanlagani, uni izchil ravishda mantiqiy yakuniga yetkaza olgani, badihago‘ylik mahoratini qay darajada ishga solgani, tinglovchilarning maqtoviga sazovor bo‘lgani bilan baholash ma’qul hisoblanadi.
– O‘zbek askiyachilik san’ati haqida gap ketganda Yusufjon qiziq Shakarjonov, Muhiddin qiziq Darveshov, Oxunjon qiziq, Abdulhay Maxsumlarni eslab o‘tish o‘rinli, – deydi V. Shamsiyev. – Tabiatan juda yuksak iqtidor egasi bo‘lgan bu insonlar xalq ichidangi gaplar bilan odamlar yuziga tabassum ulasha olganlar. Xususan, Muhiddin qiziqning latifalari shunchaki kulish uchun emas, balki hayotdagi muammolarni qamrab olganligi bilan ham ahamiyatli va e’tiborga molikdir. Nazarimda bu an’anani yana davom ettirish lozim.
Darhaqiqat, askiya ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan boy meros. U bizning xotiralarimizda yoki kitob zarvaraqlarida qolib ketishi kerak emas.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri