1 iyuldan O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda 2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tizimi joriy etilmoqda. Birinchisi – dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura va ikkinchisi – dissertatsiya himoya qilish va tegishli fan tarmog‘i bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi hisoblanadi.
28 mart kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida “Oliy ta’limdan keyingi ta’limning istiqbollari” mavzusidagi matbuot anjumanida bu haqda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, 2013 yildan hozirga qadar faqat 360ga yaqin tadqiqotchi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Bu esa respublikadagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari uchun oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondira olmaydi. Yangi tizim orqali oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim sohasini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatida yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risidagi Nizom ishlab chiqilmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi
Axbarot xizmati