Tulpor mingan bahodir

Tog‘ yonbag‘irlari bahor nafasidan hali rang olishga ulgurmasidanoq, bu yerlarni otlarning dupuri-yu, toylarning kishnashi tutadi. Yurtga berilgan ko‘pkarini el qutlagani yig‘iladi. Qishloqning kayvonisidan tortib, eng kenja vakiligacha kengliklarda jam bo‘lib, o‘yinni tomosha qilishga shaylanadi.

Uloqqa hech bir chavandoz taklif etilmaydi. Elga berilgan to‘ydan xabar topgach, uzoq-yaqindan chopag‘onlar chopqir ulovi bilan kelaveradi. Chavandozni borar yo‘lining qiyinchiligi-yu, ko‘pkarini kim berayotgani qiziqtirmaydi. Unga shu uloqda ishtirok etish zavqi, murosasiz olishuvlardan so‘ng nomi, ulovining chopqirligi e’tirof etilishi muhimroq.

Zangiotalik Murod hoji otaning chavandozlikka bo‘lgan ishtiyoqi, otlarga bo‘lgan havasi bolalik paytlarida ana shunday zavqli tomoshalarni kuzatib uyg‘ongan bo‘lsa, ajab emas. Keyinchalik, u otlarga mehr qo‘yib, butun umrini tulporlarni parvarishlashga bag‘ishladi. Elning g‘ururi, yigitning ori bo‘lgan otlarning sara nasllarini ko‘paytirib, mohir chavandozlarni tarbiyaladi.

Otani so‘zga tutar ekanmiz, tulporlarning ming bir xislatlari haqida so‘z boshlaydi:

 

Otlar – Yaratganning inoyati. U o‘zi qo‘nim topgan xonadonga baraka, rizq-ro‘z tilaydi. Shuning uchun qadimda bu jonivorlarga oilaning davlati, deya qaralgan.

 

Otning bel tuzilishi, oldi va jag‘ tishlari orasida jilovni solishga mos bo‘shliq borligining o‘zi bir mo‘jiza. Qolaversa, muntazam ot minish umurtqa tizimiga ijobiy ta’sir etadi.

Ko‘ngildagi ezgu niyat, chin ixlos va qobiliyat qon orqali avlodlarga o‘tadi, deyishadi. Murod ota ham 5 nafar o‘g‘lini chavandoz bo‘lishga majburlamadi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deganlaridek, bolalar ham ota izidan borib, ko‘pkarining, chin ixlosmandiga aylanishdi. Vaqt o‘tib, ular mohir chavandoz bo‘lib yetishishdi. Bugun yurtda bo‘ladigan hech bir ko‘pkari, uloq Murod otaning o‘g‘illari – Olimjon, Odiljon, Orifonjon, Hasanjon va Husanjonlar ishtirokisiz o‘tmaydi. Ular har bir poygada g‘olib chavandozlar safidan joy oladi. Otaning o‘g‘illaridan biri Odiljon xalqaro turnir g‘olibi, respublika chempioni sanaladi.

– Chopag‘on va tulpor yillar davomida toblanadi, – deydi Murod ota. – Ko‘pkari uchun otlar maxsus tabla (hech kim ko‘rmaydigan yer)da boqiladi. Bunday otlarga arpa va gulbeda beriladi. Arpa miqdori kun sayin ko‘paytirib boriladi. Otlar ma’lum muddat boqilgach, vaqti-vaqti bilan uloq choptirib, sovutib turilgan. Uloqchi otlar asosan qorabayir, arabi va to‘riq zotli otlardan tanlangan.

Yana o‘qing:  Mehr ila yorug‘dir qalblar

Aytishlaricha, qadim zamonlarda bir ovulga ko‘k bo‘ri oralaydi. Aholining qo‘y, echki, mollarini bo‘g‘izlab, ko‘p ziyon yetkazadi. Odamlar bo‘ridan qanday qutilish yo‘llarini izlay boshlaydi. Shunda oqsoqol ovulning orini oladigan, mard yigitlarni to‘plab, kimda kim bo‘rini o‘ldirib, jasadini ovulga olib kelsa, shu botir yigit kishloqning eng suluv qiziga uylanishini aytadi. Shundan so‘ng yigitlardan biri tong saharda bo‘rining jasadini ovulning boshiga olib kelib tashlaydi. Odamlar uyqudan uyg‘ongach, bahaybat yirtqichning jasadini ko‘rishadi va yigitlar o‘ljani tortqilashib, “ko‘k bo‘ri”, “ko‘k bo‘ri”, deya ot choptirishadi. Shundan keyin “Ko‘k bo‘ri” so‘zi xalq orasida “Ko‘pkari” atamasiga aylanib ketgan ekan.

Afsonalar nechog‘li haqiqatga yaqinligi bu – muhim emas. Asosiysi, ko‘pkari o‘yini millat er yigitlarini tarbiyalashga xizmat qiluvchi, ularni or-nomus uchun kurashishga undaydigan sinov maydonidir.

Ushbu qadimiy o‘yin ma’lum qonun-qoidalardan iborat. Uloqni maydondan olib chiqish g‘oliblik sanaladi. Lekin bunday taloto‘pdan o‘ljani ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun yaxshi ot, chavandozning bilak kuchi va ulkan tajribasi bo‘lishi lozim. O‘yin boshlanishidan oldin uloqning chin ixlosmandlari maydonga chorlanadi. Yurtimizning ayrim hududlarida uloq taqimga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri egar qoshiga olinadi. Janubiy viloyatlarda bu uslub g‘irrom sanalib, taqimga bosib olib chiqilgan uloqqina halol, deyiladi. Aslida gap g‘irromlikda emas, uslubiy rang-baranglikdadir. Sovrin esa g‘olibni rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi qadimiy an’ana sanaladi. Uloqda kimgadir buyum, kimgadir jonliq tegadi. Ammo, chavandozning oriyati uchun kechgan bellashuv eng muhimi sanaladi. Uloqqa zavq va joziba bag‘ishlovchi yana bir jihat, uning betizgin shavqidir. O‘yinga sakraydigan, tepadigan otlar kiritilmaydi. Shuningdek, bellashuv chog‘ida raqib otining jilovidan tortish, unga qamchi niqtash mumkin emas. Bahsni kuzatib boradigan hakam bo‘lmaydi. Shu bois, bellashuv chavandozlarning halol o‘yiniga bevosita bog‘liq. Ko‘pkari soatlab, ba’zan kunlab davom etishi mumkin. Uloqda otboqarlar tulporini, chavandozlar esa o‘zini sinovdan o‘tkazadi. Ular bellashuvda o‘z xato va kamchiliklarini tuzatib, tajribalarini oshira boradilar. Har musobaqada yangi-yangi chavandozlar hamda otlar kashf etiladi. Eng muhimi, har bir ko‘pkari xalq xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Murod ota bu haqida o‘ylar ekan, o‘g‘illari ana shu sifatlar bilan kamol topayotganidan behad sevinadi. Yaratganga shukronalar aytadi…

Yana o‘qing:  Marhabo

 
 

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: