Oqish maysadagi hayot uchquni
Kunlar zahrini tashlab, tevarak-atrofdan ko‘klam isi kela boshladi. Qayerdan buni bila qolding, deb so‘rarsiz hoynahoy. Sumalakdan. Sumalak uchun undirilgan bug‘doydan…
Yaqinda xizmat safari bilan Guliston tumaniga bordik. Yo‘l-yo‘lakay bir onaxon qo‘l ko‘tarib, ulovimizni to‘xtatdi. Ular mashinaga o‘tirib ulgurmay, dimog‘imizga ko‘klam ifori urildi. Beixtiyor onaxonga qaradim: – Qo‘lida bo‘zxalta.
– Bug‘doy. Sumalak uchun o‘stirilgan, – qiziqqanimni payqab, izoh berdi onaxon. – Bugun sumalak pishiraman-da!
Bir pastda suhbatimiz qizib ketdi. Yoshi oltmishlarda bo‘lgan bu onaxonning ta’riflashicha, u yashayotgan go‘shaga borib, Oysara opa ko‘rpabicharni so‘rasak, bas, hamma tanirkan. Onaxon har yili sumalak pishirirarkan. Sumalakka bug‘doy tanlab, undirishdan, pishirib, piyolalarga suzilishgacha bo‘lgan jarayonga o‘zi “bosh-qosh” bo‘larkan.
– Shu kungacha qancha mahallalar-u, tashkilotlarga sumalak pishirdim, – deydi onaxon.
Suhbat bahona bu bahoriy taom haqidagi ma’lumotlarimiz kengayib bordi.
– Sumalakni taomlar malikasi, desak yanglishmaymiz. Chunki, u boshqa yemaklardan farq qiladi. Uning tayyorlanish talablari ham o‘zgacha.
Taom – malakli. U pokizalikni, yaxshi niyatni talab qiladi. Yuvilmagan yuz bilan unayotgan bug‘doyga qarab bo‘lmaydi, bo‘lajak sumalakdan maza qochadi.
Bolalik chog‘larim yodimga tushadi. Rahmatli buvim ham “undirilayotgan bug‘doyga ertalab yuzingni yuvmasdan qaramagin, bug‘doy xafa bo‘ladi, keyin sumalak achchiq pishadi”, der edi.
– Taomning mazali chiqishi atrofidagi kishilar niyatiga, ahilligiga ham bog‘liq, – so‘zida davom etadi Oysara opa. – Shuning uchun sumalak pishirishdan oldin barcha araz-ginalarni unutish kerak. Shundagina shoh taomimiz asalday totli chiqadi. Bu haqida shunday rivoyat bor: Oy bilan Quyosh opa-singil bo‘lgan ekan. Ular janjallashib, urishib qolishibdi. Oy Quyoshga hovuchida ignani, Quyosh Oyga kulni sepib yuborgan ekan. Xayriyatki, Navro‘z kunida ular yarashadi. Ginani unutishadi. Navro‘zning odati, ezguligi shunda!
Onaxon manziliga yetib, mashinadan tushib qoladi. Biz esa ko‘klamni, Navro‘zni o‘ylaymiz. Sumalakka “malakli taom” deya ta’rif berilganini o‘zimizcha qayta-qayta mushohada qilamiz. Albatta-da, axir taomni farishta onalarimiz bosh bo‘lib pishirishadi. Navro‘zimizda chindan mo‘jiza bor. Axir bahorni “qozonosar” marosimi boshlab beradi-da. O‘yin-kulgi, kuy-qo‘shiqlar qishning tugagani-yu, bahorning boshlanganidan darak beradi. Kun va tun tenglashib, yangi hosil mavsumi boshlanadi. Yilni yaxshi niyatlar bilan, to‘la qozon atrofida ko‘pchilik bo‘lib kutib olishimizda katta hikmat bor. Yetkazganiga shukur!
Ozoda MAMADALIYEVA