Ko‘hna sardoba tarixi
O‘zbekiston ming yillik tarixga ega. Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Marg‘ilon kabi go‘zal shaharlarimiz o‘zining betakror obidalari, tarixiy qadamjolari bilan dunyo sayohlarini o‘ziga maftun etib kelmoqda. Bu esa shu yurtda tug‘ilgan har bir inson qalbini faxr-u iftixorga to‘ldiradi.
Sirdaryo viloyatining Sardoba tumani ham ana shunday qadimiy maskanlardan sanaladi. Tumanimizning Sardoba deya nomlanishi va uning qanday ma’noni anglatishi ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lsa kerak. Bu xususda bobom, hududda ming yillik tarixga ega sardoba mavjudligini, shu sabab, tumanimiz mazkur nom bilan atalishini so‘zlab berdi.
O‘zbekiston ensiklopedik lug‘atida “Sardoba” so‘zi fors tilidan kirib kelgan. U Markaziy Osiyo va Sharqda yozda issiqdan saqlanish uchun bunyod etilgan joy yoki suv saqlash uchun maxsus qurilgan gumbazli hovuz”, deya ta’riflangan. Sardobalar Sharqda keng tarqalgan suv inshootlari bo‘lib, ular asosan qadimgi karvon yo‘llari bo‘ylab qurilgan. Xuroson va Shimoliy Eronda bunday inshootlar “Obanbar”, Ozarboyjonda esa “Avdon” nomlari bilan yuritilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston va uning atrofida 44 ta sardoba mavjud. Ularning 29 tasi Qarshi cho‘lida, 3 tasi Toshkent-Farg‘ona o‘rtasidagi qadimgi savdo yo‘lida hamda 1 tasi Karmana (Navoiy viloyati) yaqinida joylashgan. Bular shubhasiz, sahrolarda bekat – karvonlarning to‘xtash joyi vazifasini o‘tagan.
Mirzacho‘l hududi ham qadimgi oqar suvlardan mahrum bo‘lgan cho‘ldir. Samarqanddan Toshkentga boruvchi karvon uchun uning hududidan o‘tish eng qisqa yo‘l hisoblangan. Shu boisdan Buxoro amiri Ushbu hukmdor II davrida bu masalaga alohida yondashilgan. Ushbu hukmdor II Amir Temurdan keyin Markaziy Osiyo davlatchiligi tarixida markazlashgan davlat barpo eta olgan. Uning davrida ilm-u ma’rifat, me’morchilik, hunarmandchilik, sug‘orma dehqonchilik va savdo-sotiqqa katta e’tibor qaratilgan. Ayniqsa, bu davrda atrofdagi qo‘shni davlatlar bilan olib borilgan savdo va diplomatik aloqalar kuchaygan. Bunday munosabatlar asosini esa bir necha yuzlab ot va tuyalardan iborat karvonlar tashkil etgan. Karvonlar uchun kimsasiz biyobonlarda qishning sovug‘i va yozning jaziramasidan saqlovchi, himoya qiladigan qo‘nalg‘alar kerak edi.
Tarixiy manbalar asosida tahlil qilish mumkinki, tumanimiz hududidagi “Yog‘ochli Sardoba” nomi bilan mashhur bo‘lgan tarixiy obida Abdullaxon II davrida bunyod etilgan bo‘lishi mumkin. Hikoya qilinishicha, inshootning qurilishida ko‘plab quruvchilar qatnashgan. G‘ishtlar G‘allaorol tumani hududida quyilib, pishirilib, olib kelingan.
Yana bir rivoyatda ushbu yodgorlik Amir Temur buyrug‘i bilan qurilganligi, uning bunyod etilishi uchun zarur bo‘lgan qurilish materiallari (g‘isht va boshqalar)ni yonma-yon turgan odamlar qo‘lma-qo‘l qilib, Samarqanddan tashib keltirganliklari, sardoba hovuzi esa Sohibqironning farmoni bilan qurilgan, Sirdaryodan suv oluvchi O‘rinboyariq tashlamasi yordamida to‘ldirilganligi aytilgan.
Sardoba qurilishi jihatidan anchagina murakkab. Mazkur inshoot ota-bobolarimizning arxitektura sohasidagi bilimlarining yuksak namunalaridan biri hisoblanadi. U mahorat bilan bunyod etilgani bois, mana necha yuz yillardan buyon bus-butunligicha saqlanib kelinmoqda.
Sardoba ichidagi hovuzning chuqurligi 10-15 metr, diametri 12-16 metrni tashkil etadi. Shunisi ajoyibki, hovuzdagi suvning mazasi ham, rangi ham hech qachon buzilmagan – doimo muzdek va toza.
Chunki, uni loyihalashtirgan binokor-irrigatorlar inshootdagi suvning sifati buzilmasligi chorasini ustalik bilan hal etishgan. Buning uchun inshoot gumbazining uch tomoniga bir nechta ravoqsimon ventilyasiyalovchi darchalar va tepasiga bitta mo‘ri ishlangan. Havoni yangilab turuvchi mo‘ri va darchalar doimo inshoot ichidagi havoni tozalab, unga salqinlik berib turgan.
Yog‘ochli sardobaning uch tomonida uchta darcha bo‘lib, uning tashqarisida balandligi 2 metr, eni 80 smga teng bo‘lgan hovuzga quyiladigan maxsus suv yo‘li qurilgan. Unda suv olib chiqadigan peshtoqli kirish yo‘lagi bo‘lib, yo‘lakdan zinapoyalar orqali hovuz ichiga tushilgan.
“Yog‘ochli Sardoba” peshtoqli darvozasining eni 3 metr, balandligi 2,80 metr bo‘lgan. Sardoba hovuzi loyqalanib, inshootni ishdan chiqarmasligi uchun uning oldida kattagina suv tindirgich – ochiq hovuz qurilgan. Atrofdan oqib kelgan qor va yomg‘ir suvlari avval suv tindirgichda to‘planib, undan loyqa hovuz tubiga cho‘kkan, so‘ngra toza suv sardobaga quyilgan. Suv tindirgichga chorva mollari kirib, ifloslamasligi uchun uning atrofi paxsa devor bilan o‘ralgan.
Sardobaga shimol tarafdan, g‘ishtli zinapoya orqali kirilgan. Kirish qismida o‘ziga xos yo‘lak mavjud. XIX asr tarixchilarining yozishicha, uning tepasida xizmatchilar va qo‘riqchilar uchun maxsus xona bo‘lgan. Unga inshoot tashqarisida qurilgan zinapoya orqali ko‘tarilgan.
Bizning tarixlarga guvoh sardobamiz, minglab insonlar tashnaligini qondirgan muqaddas inshootlardan sanaladi.
Aziza ABIYERQULOVA,
Sirdaryo viloyati