O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi: yangi qarorda qanday o‘zgarishlar nazarda tutilgan?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror akademik litseylarda o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, bu maskanlarda ta’lim berish uchun umumta’lim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini saralab olish, yoshlarning o‘zlari tanlagan kasb va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan orzu-intilishlariga erishmog‘i uchun yanada keng sharoitlar yaratish kabi aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan. Unda bir qator aniq vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur hujjatga ko‘ra, moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan 4 ta akademik litsey faoliyati tugatiladi va bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 54 ta akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi. Akademik litseylar negizida tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari uchun yangi o‘quv ustaxonalari qurish uchun mablag‘lar ajratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarda dars berishga kengroq jalb qilish maqsadida akademik litseylardagi o‘qituvchilik faoliyatiga soatbay haq to‘lash miqdori oliy ta’lim muassasalarida mehnatga soatbay haq to‘lash miqdoriga tenglashtiriladi. Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari bilan akademik litseylar o‘rtasida o‘zaro ta’sirchan hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Akademik litseylarda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari va multimedia taqdimotlarini keng tatbiq qilish va buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida o‘quv guruhlari tarkibi 26 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmagan tarzda shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar (ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari guruhlarga bo‘lingan tarzda, ya’ni ikkita kichik guruhda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, pedagoglar tarkibi oliy ma’lumotli va kamida 5 yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan malakali o‘qituvchilar orasidan tanlov asosida shakllantiriladi.

Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, akademik litseylar direktorligi uchun nomzodlar akademik litseylar biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylar o‘quvchilarini umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari respublika maqsadli kitob jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ijara tizimi asosida amalga oshiriladi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan byudjet mablag‘lari hisobidan bepul ta’minlanadi.

 Yana bir muhim jihati shundaki, qarorda akademik litseylar bitiruvchilariga aniq mutaxassisliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ta’lim jarayoni yakuniga yetganidan so‘ng ularga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

 Qarorda ta’lim jarayoni sifatini oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi uchun alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unda akademik litsey o‘quvchilarining biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari va boshqa moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, har bir akademik litseyda o‘quvchilarning individual qobiliyatidan kelib chiqib, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari, o‘quvchilarning ijodiy va mustaqil izlanishlariga yo‘naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish, oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarning pedagog kadrlariga patronaj sifatida biriktirish, oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga baho berishda ular tomonidan ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha akademik litseylar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratish nazarda tutilgan. Bu borada seminar-treninglar tashkil etish, ta’lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida doimiy mahorat darslarini o‘tkazish, akademik litsey o‘qituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni baholash mezonlarini ishlab chiqish kabi masalalar qamrab olingan.

Yana o‘qing:  Sen keltirgan g‘alaba

Bundan tashqari, qarorda akademik litseylar negizida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan kasb-hunar kollejlari uchun zarur ustaxonalarni barpo etish va jihozlash, shuningdek, soatbay asosida akademik litseylarda faoliyat ko‘rsatuvchi professor-o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish uchun davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi – akademik litseylarda o‘qitish sifati va samaradorligini yanada yuksaltirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va maqsadli ta’limga yo‘naltirish, farzandlarimizning tanlangan mutaxassisliklarni puxta egallashlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga keng imkoniyatlar yaratadi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: