Shoshilinch tibbiy yordam tizimi takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respub­likasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.

Mazkur hujjatda shoshilinch tibbiy yordamning tezkorligini va samaradorligini tubdan oshirish, aholiga o‘z vaqtida malakali shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yi­cha davolash, ilmiy-metodik va ta’lim ishlarining butun kompleksi­ni eng yuqori darajada tashkil etishga yo‘naltirilgan aholiga shoshilinch tibbiy yordam berish tizimini tubdan takomillashtirish alohida bandlar asosida belgilab berilgan.

Hozirgi vaqtda bu tizim Res­publika shoshilinch tibbiy yordam markazi va uning viloyatlardagi filiallari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari qoshidagi bo‘limlari, mamlakatimizning barcha hududlaridagi tez tibbiy yordam xizmati stansiyalari va sanitar aviatsiya xizmatini o‘z ichiga oladi. Eng asosiysi, soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida shoshilinch tibbiy yordam tizimida yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam hamda 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yi­cha xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shu bilan birga hozirgi vaqtda sohada zudlik bilan hal etishni talab qiladigan bir qator muammo va masalalar ham borki, u aniq chora-tadbirlar ko‘rishni taqozo etmoqda.

Avvalambor, shoshilinch tibbiyot sohasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ilmiy ishlanmalarni rivojlantirish, malakali kadrlar, dori vositalari, tibbiy uskunalar, ixtisoslashtirilgan avtotransport va aloqa vositalari bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Bu esa tez tibbiy yordam faoliyatini bosh­qarish va muvofiqlashtirishning amaldagi tizimini qayta ko‘rib chiqish, shoshilinch tibbiy yordam sifatini tubdan yaxshilashga doir tezkor choralar ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Farmonda shoshilinch tibbiy yordam tizimida zamonaviy ilmiy-texnik yutuqlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimining boshqa vazirliklar va idoralarning shoshilinch xizmatlari bilan tezkor hamkorligini ta’minlash bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni tatbiq qilish, kadrlarni tayyorlash borasida ilg‘or usullarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Farmon bilan O‘zbekiston Res­publikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, deb qayta nomlandi va Markazning asosiy vazifalari belgilandi.

Xususan, aholiga bepul asosda malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy xizmat ko‘rsatish, samaradorligi bo‘yicha jahon talablariga mos keladigan shoshilinch tibbiy yordam tizimining faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish, kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarning profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolash bo‘yicha yangi, samarali texnologiyalarni yaratish, xorijiy turdosh tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish kabi yo‘nalishlar Markazning asosiy vazifalari sifatida qayd etildi. Bundan tashqari, Markaz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida fan va ilmiy tadqiqotlar rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish va ilg‘or texnologiyalarni yaratish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borishni, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi uchun ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni ham muvofiqlashtirib boradi.

Yana o‘qing:  Kichkintoylar salomatligiga kamarbasta oila

Farmonda ta’kidlanganidek, 2017 yilning 1 iyuligacha yagona ma’lumotlar bazasi va ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini yaratgan holda, tez tibbiy yordam brigadalarining faoliyatini tezkor boshqarish va muvofiqlashtirilishini ta’minlovchi Markaz va uning hududiy filiallarining muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi ishlab chiqiladi. Chunki, tez tibbiy yordam faoliyatida dispetcherlik xizmatlarini yaxshilash, uning kechayu kunduz samarali ishlashini ta’minlash bugungi kun talabidir. Shu munosabat bilan 2019 yilning 1 yanvaridan bosh­lab O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat yurituvchi muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari joriy qilinadi.

Ushbu xizmat faoliyatida kuzatilayotgan kamchiliklarga tizimda avtotransport vositalari bilan bog‘liq masalalar ham sabab bo‘layotgani ko‘pchilikka ma’lum. Endilikda Markazning Tez tibbiy yordam stansiyalariga avtotransport xizmatini ko‘rsatish “Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining ixtisoslashtirilgan avtotransport korxonasi” davlat korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa avtotransport vositalarining har doim soz holatda bo‘lishini va kerakli manzilga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda kechiktirib bo‘lmaydigan vaziyatlarda ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qolish maqsadida shoshilinch tibbiy yordam xizmati muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tizimning transport parkini boyi­tish uchun davlat byudjeti va boshqa mablag‘lar hisobidan 1200 ta tez tibbiy yordam avtomobili xarid qilinadigan bo‘ldi.

Tajribadan ma’lumki, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish tibbiy xizmat sifatini bir necha barobar yaxshilash imkonini yaratadi. Farmonda ushbu yo‘nalishda imtiyozlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Shu maqsadda 2020 yilning 31 dekabrigacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik xizmatlari ehtiyojlarini ta’minlash uchun olib kirilayotgan yuqori texnologiyali va telekommunikatsiya jihozlari, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar va dasturiy ta’minotni bojxona to‘lovlaridan ozod etish belgilandi.

 Yana bir e’tiborli jihati shundaki, farmonga ko‘ra, Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bazasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent vilo­yati­ filiali tashkil etiladi.

 Agar shu vaqtgacha ushbu hududda bunday tibbiy muassasa mavjud bo‘lmaganini nazarda tutadigan bo‘lsak, bu yangilik viloyat aholisi salomatligini saqlash borasida qanday katta ahamiyat kasb etishini tasavvur qilish qiyin emas, albatta.

Yana bir yangilik – shu yilning 1 aprelidan boshlab Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tez tibbiy yordam stansiyasi uning tumanlardagi kichik stansiyalari bilan birga, yuridik shaxs maqomini saqlagan holda, tarkibiy bo‘linma sifatida Markazga berilishi ko‘zda tutilgan.

Yana o‘qing:  Barcha yutuqlarimizning huquqiy asosi

Prezidentimizning mazkur farmonida ko‘zda tutilgan e’tibor va berilayotgan imtiyozlar, soha uchun ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hamda ularning noyob texnologik imkoniyatlari tizim mutaxassislari olib borayotgan ilmiy izlanishlarning saviyasini yuksak darajada oshirish, shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish va amaliyotga tatbiq qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida davolash jarayonining samarasini oshiribgina qolmay, statsionar davolash muddatlarini va buning natijasida sarf-xarajatlarni ham kes­kin kamaytirishi shubhasiz. Bundan tashqari, ushbu farmon Markazning barcha filiallarini eng yuksak mezonlarga javob beradigan tibbiy apparatlar, xususan, yurak va qon-tomirlarning ultratovush doplerografiyasi, zamonaviy angiografik tuzilmasi, multispiral kompyuter tomografiya va magnit-rezonans tomograf apparatlari bilan to‘liq ta’minlanishi uchun imkoniyat yaratadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon hamda u bilan tasdiqlangan huquqiy hujjatlar shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, sohada ilmiy-tadqiqot faoliyati ko‘lamini kengaytirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda aholi salomatligi, inson manfaatlari, xalqimiz farovonligi haqida so‘z borar ekan, bu masalalar doimo davlatimizning diqqat markazida bo‘lib qoladi. Ana shu ezgu maqsadlarning mamlakatimiz Prezidenti ­Shavkat ­Mirziyoev tomonidan e’lon qilingan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da ro‘yobga chiqarilishi esa yanada ahamiyatlidir.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: