PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING NAVRO‘Z BAYRAMIGA BAG‘ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI TABRIK SO‘ZI
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Shu kunlarda kattayu kichik barcha yurtdoshlarimiz bag‘rini keng ochib, bahor, yasharish va yangilanish ramzi bo‘lmish Navro‘z ayyomini “Xush kelibsan o‘lkamizga, Navro‘zi olam!” deb, shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.
Shu munavvar tongda siz azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Navro‘z ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning hurmat-ehtiromim va samimiy tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Qadrli yurtdoshlar!
“Nima uchun biz Navro‘zni doimo sog‘inib, intizorlik bilan kutamiz? Nima uchun bu sana barchamiz uchun eng sevimli, eng ardoqlaydigan bayramimizga aylanib qolgan?”, degan savol berilishi tabiiydir.
Buning sababi, Navro‘zi olam biz uchun eng qadimiy, asl milliy, turli mafkura va siyosatlardan xoli, urf-odatlarimizga va qadriyatlarimizga javob beradigan bayram, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.
Nega deganda, Navro‘z o‘z ruhi va g‘oyalari bilan har qaysi inson ona zaminning, tabiatning ajralmas uzviy qismi ekanini, tabiatning naqadar go‘zal ekanini his qilib, uni e’zozlab, hamnafas bo‘lib yashashga undashi bilan bizga qadrlidir.
Har qanday g‘araz, ginalar va nizolardan voz kechib, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, ahillik va birdamlik, elatlar orasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik naqadar bebaho boylik ekanini ulug‘lashi, o‘zining da’vatlari bilan Navro‘z bayrami xalqimizning qarashlariga g‘oyat hamohangdir.
Ayni ana shunday chuqur mazmun va ma’noga ega bo‘lgani tufayli, xosiyat va fayz, qut-baraka va muruvvat kabi xususiyatlarni o‘zida mujassam etishi bilan kun va tun teng keladigan sharqona Yangi yilimizni – bu go‘zal bahor ayyomini barchamiz orziqib kutamiz, e’zozlaymiz, xursandchilik bilan umummilliy bayram sifatida o‘tkazamiz.
Buning yaqqol tasdig‘ini shu kunlarda yurtdoshlarimizning tobora ochilib kelayotgan tabiatdan bahra olib, sumalak va halim, go‘ja va ko‘ksomsa kabi bahoriy ne’matlar tortilgan dasturxonlar atrofida, yashil maydon va ko‘kalamzorlarda o‘tkazilayotgan sayil-tomoshalarda, milliy kurash va uloq chopish musobaqalarida ko‘rish va kuzatish qiyin emas.
Ayni shu betakror faslda odamlarimiz xalqimizga mansub bo‘lgan, uning odatiga aylanib ketgan qadriyatlar – bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatish, bemorlar, ko‘ngli yarim insonlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi ezgu fazilatlarni yaqqol namoyon etib, o‘z quvonchi va shodligini yaqinlari, do‘stu yorlari, qo‘ni-qo‘shnilari bilan baham ko‘rishga intiladi.
Ona Vatanimizda yashaydigan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha-barcha yurtdoshlarimiz ana shunday xursandchilik kayfiyatiga berilib, Navro‘zni o‘z qadrdon bayramidek qabul qiladi.
Mana shunday quvonchli damlarda bugun xalqimizga katta hurmat va ehtirom bildirib, shu go‘zal maydonda Navro‘z shodiyonalarimizda ishtirok etayotgan chet mamlakatlarning muhtaram elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy sherik va hamkorlarimizni, barcha aziz mehmonlarimizni sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan qutlab, ularga minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Aziz do‘stlarim, qadrdonlarim!
Shu yorug‘ lahzalarda mana shunday muhtasham va fayzli maydonda jamuljam bo‘lgan siz azizlarga, sizlarning siymongizda barcha tabarruk keksalarimiz, munis opa-singillarimizga, ko‘zlari yonib turgan, xalqimizning tayanchi va suyanchi bo‘lmish navqiron yoshlarimizga — mening farzandlarimga o‘zimning chuqur mehrim, sevgi va hurmatimni izhor etaman.
Barchangizni bag‘rimga bosib, yana va yana bir bor bugungi dilbar ayyom bilan qutlab, yuragimda, qalbimda bo‘lgan samimiy tilaklarimni bildiraman.
“Obod turmush” deb nom olgan yilimizning Navro‘zi hammamizga, barcha-barcha xonadonlarga, oilalarga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, fayzu baraka keltirsin!
Orzu-niyatlarimiz ushalsin, O‘zbekistonimiz yanada obod va farovon bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!