Me’da qaynashining oldini olish uchun tavsiyalar
Ovqatlangandan keyin paydo bo‘ladigan me’da qaynashi juda yoqimsiz holat. Bu muammo ko‘pchilikka tanish bo‘lsa kerak. Me’da qaynashining paydo bo‘lish sabablari ko‘p, agar doimiy tomoq achishishi yoki og‘izning taxir bo‘lish hollari kuzatilsa, vrachga murojaat qilgan ma’qul. Chunki bunday holat oshqozon-ichak kasalliklari belgisi bo‘lishi ham mumkin.
Me’da qaynashi, asosan, me’yoridan ortiq ovqatlanish yoki spirtli ichimliklar ichishdan so‘ng yuzaga keladi. Aynan shu ikki omil xlorid kislotalarining qizilo‘ngachga tarqalishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Quyida bu muammoni bartaraf etish uchun kerakli maslahatlarni berib o‘tamiz.
- Me’da qaynashiga qarshi kurashishda eng oddiy va samarali vositalardan biri – soda. 1-2 choy qoshiq sodani suvda aralashtirib ichish me’da qaynashini to‘xtatadi. Lekin bu vositani doim qo‘llash mumkin emas, chunki uni muntazam ravishda iste’mol qilish sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Bundan tashqari oddiy ichimlik suvi ham bu muammoni hal qilishda katta ahamiyatga ega. Bir stakan issiq suv ichish kislota miqdorini kamaytiradi, suvni ichgandan so‘ng yengil badantarbiya qilish bu jarayonni yanada tezlashtiradi.
- Me’da qaynashini yo‘qotishda ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari ham foyda beradi. Misol uchun yarim stakan sut ichish ajralib chiqayotgan kislota ta’sirini kesadi. Bundan tashqari asalni issiq sut yoki suvda eritib ichish ham me’da qaynashining tezda yo‘qolishiga yordam beradi.
- Samarali vositalardan yana biri – bodom. Me’da qaynashi boshlanishi bilan 3-4 dona bodom iste’mol qilish bu holatning tez o‘tib ketishiga sabab bo‘ladi.
- Me’da qaynashining oldini olish uchun tez-tez, lekin kam miqdorda ovqatlanish; yog‘li, qovurilgan mahsulotlar va nordon me’valarni iste’mol qilmaslik talab etiladi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.